Samarqand xalqaro texnologiya universiteti “Eng innovatsion oliy taʼlim muassasasi” deb eʼtirof etildi
2025-yil yakuni Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) uchun yana bir muhim va ramziy yutuq bilan tarixga muhrlanmoqda. Mamlakatimiz ilm-fan hayotidagi eng nufuzli tanlovlardan biri — Science and Innovation Awards – 2025 doirasida SIUT oliy taʼlim va ilmiy faoliyat sohasidagi izchil ishlari, innovatsion yondashuvlari hamda ilmga tayangan strategik rivojlanish yoʻli uchun yuksak eʼtirofga sazovor boʻlib, “Eng innovatsion oliy taʼlim muassasasi” nominatsiyasida oliy mukofot bilan taqdirlandi.
Science & Innovation xalqaro ilmiy jurnali tashabbusi bilan anʼanaviy ravishda tashkil etib kelinayotgan mazkur nufuzli tadbir yil davomida ilm-fan, taʼlim va innovatsiyalar rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan olimlar, ilmiy markazlar hamda oliy taʼlim muassasalarini eʼtirof etishga qaratilgan.
Tanlov reglamentiga muvofiq, nominatsiya doirasida ishtirok etgan oliy taʼlim muassasalari 18 ta asosiy mezon asosida baholandi. Har bir mezon 2 dan 10 ballgacha baholanib, umumiy maksimal koʻrsatkich 100 ballni tashkil etdi. Mustaqil ekspertlar tomonidan oʻtkazilgan kompleks tahlillar natijasida SIUT barcha asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha barqaror va yuqori natijalarni qayd etdi.
Universitet faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari sifatida amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlim, barcha taʼlim yoʻnalishlarida dual taʼlim tizimini joriy etish, zamonaviy pedagogik va innovatsion metodlarni qoʻllash, shuningdek, talabalarni ilmiy-tadqiqot va muhandislik loyihalariga faol jalb etish belgilangan. Ushbu yondashuv oʻz samarasini berib, SIUT talabalari xalqaro forumlar, konferensiyalar, xakatonlar va muhandislik maktablarida muntazam ravishda munosib natijalarni namoyon etmoqda. Bu esa universitetda xalqaro muhandislik taʼlimi standartlari asosida, xorijiy professorlar va soha ekspertlari ishtirokida tashkil etilgan taʼlim jarayoni samaradorligini koʻrsatadi.
Shuningdek, universitet kutubxonasi tomonidan Web of Science, Springer, EBSCO, ProQuest, ACM Digital Library, Britannica Academic, MSP kabi yetakchi xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazalariga ochiq kirish imkoniyatlarining yaratilgani SIUTda ilmiy izlanishlar olib borish, koʻp tilli manbalar bilan ishlash hamda universitetning global akademik hamjamiyatga integratsiyalashuvi uchun qulay shart-sharoitlar yaratmoqda.
— Bu natijalar Samarqand xalqaro texnologiya universiteti jamoasining izchil mehnati va toʻgʻri tanlangan rivojlanish strategiyasi samarasidir. Biz uchun bunday eʼtirof katta masʼuliyat yuklaydi. Universitetda taʼlim, fan va innovatsiyalarni uygʻun rivojlantirish ustuvor vazifa boʻlib qoladi, — dedi SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev. — “Eng innovatsion oliy taʼlim muassasasi” unvoni universitetda ilm-fan va innovatsiyalar sohasida olib borilayotgan tizimli ishlar hamda zamonaviy muhandislik taʼlimi talablariga yoʻnaltirilgan tashabbuslarning amaliy ahamiyatini aks ettiradi. Ushbu natija SIUTning kelajakka qaratilgan aniq strategiya asosida barqaror rivojlanib borayotganini koʻrsatadi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring