Samarqand davlat universitetida “Ziyolilar bogʻi” tashkil etildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «Yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida Jizzax shahrida “Ziyolilar bogʻi”ni tashkil etish boʻyicha umumrespublika marafoniga start berildi.
Mazkur ezgu tashabbus mamlakatimiz boʻylab keng quloch yoyib, 200 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari bir vaqtning oʻzida daraxt koʻchatlarini ekish ishlarini boshlab yubordi.
Samarqand davlat universiteti Botanika bogʻida ham 1000 ga yaqin, manzarali va mevali koʻchatlar oʻtqazildi. Marosimda SamDUning professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchi, talabalari va ishchi xodimlari ishtirok etdi.
Mazkur loyiha atrof-muhitni yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish va aholi uchun qulay ekologik muhit yaratishga qaratilgan.
- Bahor kelishi bilan ota-bobolarimiz nafaqat oʻz uylarida, balki jamoat joylarida ham koʻchat ekib, atrof-muhitni obodonlashtirishga katta eʼtibor berganlar. Buni bayram qilib nishonlaganlar, — deydi SamDU yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori, professor Subxon Abbosov.
– Bu anʼana davom etmoqda. Koʻchat ekish eng savobli ishlardan biri. Bugun ekilgan koʻchat, ertaga daraxtga aylanadi. Mevasidan bahramand boʻlamiz, soyasida maroq bilan dam olamiz. Daraxt ekish nafaqat atrof-muhitni obodonlashtirish, balki tabiatni muhofaza qilishning eng muhim yoʻllaridan biridir. Daraxtlar kislorod ishlab chiqaradi, havo ifloslanishini kamaytiradi va inson salomatligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek, ular issiqlikning kamayishiga, tuproq eroziyasining oldini olishga ham xizmat qiladi. Iqlim oʻzgarishi, havoning ifloslanishi, tuproq eroziyasi kabi muammolarni bartaraf etishning eng samarali yoʻli – koʻchat ekishdir. Shu sababli, har bir inson oʻz xonadoni, mahallasi yoki ish joyi atrofida kamida bir daraxt ekishni oʻzining insoniylik burchi deb bilishi kerak. Bu ham maʼrifatdir.
- Samarqand davlat universiteti olimlari, talabalari, ishchi-xizmatchilari “Yashil makon” umummilliy loyihasida “Ziyolilar bogʻi”ni tashkil etish uchun faol ishtirok etmoqda, — deydi SamDU moliya va iqtisod ishlari boʻyicha prorektori Ismoil Rahmonov. - Bugun bu yerga yigʻilganlar asosan koʻngillilardan iborat. Sal kam bir gektar maydonda 1000 ga yaqin archa, terak, olma kabi koʻchatlarini ekdik. Aslida ziyolilar barcha ezgu ishlarda koʻpchilikka oʻrnak boʻlib kelishgan. Mazkur jarayon davom etadi. Mazkur loyiha tabiatni muhofaza qilish va yashil hududlarni kengaytirish yoʻlida muhim qadam boʻlib, mamlakatimizning barcha hududlarida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Maʼlumot uchun, 2024-yilda SamDU Botanika bogʻida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 8000 ga yaqin koʻchat ekilgan edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring