Samarqand davlat universitetida “Rektor kubogi” sport musobaqalariga start berildi

Shavkat AKRAMOV olgan surat.
Samarqand davlat universitetida anʼanaviy “Rektor kubogi” sport musobaqalari boshlandi. Mazkur bellashuvlar futbol, voleybol, kurash kabi ommabop sport turlarini oʻz ichiga olgan.
Bugun “Rektor kubogi” sport musobaqasining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangrashi bilan boshlandi. Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov, Samarqand viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Husan Toʻxtayevlar ishtirok etdi.

— Bugungi kunda sport nafaqat jismoniy chiniqish, balki insonning maʼnaviy va aqliy kamolotida ham muhim oʻrin tutadi, — dedi Rustam Xolmurodov. — Sport bilan muntazam shugʻullangan inson kuchli iroda, qatʼiyat va intizom sohibiga aylanadi. Bunday inson har qanday sinovga bardoshli boʻladi. Oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyib, unga erishishga intiladi. Bugun sportchilarimiz orasida kuch, gʻayrat, shijoat, doʻstlik va halollik qadri ulugʻlanmoqda. Bu musobaqalar esa siz aziz yoshlarga oʻz kuchingizni namoyon etish, tengdoshlaringiz bilan tajriba almashish, eng asosiysi, sogʻlom turmush tarzini odatga aylantirish uchun muhim maydondir. Muntazam sport mashgʻulotlari inson tanasini chiniqtiradi, immunitetni kuchaytiradi, chidamlilik va sabr-toqatni oshiradi. Shuningdek, sport bilan shugʻullangan insonlarda maqsadga intilish, oʻz ustida ishlash, vaqtni toʻgʻri taqsimlash kabi koʻnikmalar shakllanadi. Shu boisdan ham bugungi yosh avlodni sportga jalb etish, ularning sogʻlom, yetuk va har tomonlama barkamol boʻlib voyaga yetishida muhim omildir.

Musobaqalar boshlanishidan avval tashkil etilgan badiiy chiqishlar tomoshabinlarga bayramona kayfiyat bagʻishladi. Badiiy gimnastika, futbol, voleybol, basketbol, qoʻl toʻpi va kurash sport turlari boʻyicha chiqishlar ishtirokchilar va mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Sportchilarning jismoniy salohiyati, harakatlaridagi uygʻunligi barchaga koʻtarinki ruh ulashdi.
— “Rektor kubogi” sport musobaqalari keng miqyosda oʻtkazilmoqda, — deydi Samarqand davlat universiteti Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Subxon Abbosov. — Musobaqalarda SamDUdagi institut va barcha fakultet jamoalari faol ishtirok etmoqda. Talabalar har bir yoʻnalish boʻyicha jiddiy tayyorgarlik koʻrgan, sportchilar mashgʻulotlarga masʼuliyat bilan yondashdi. “Rektor kubogi” nafaqat sport bellashuvlari, balki universitet miqyosida sogʻlom raqobat, doʻstlik va jamoaviylik muhitini kuchaytiruvchi ijobiy tashabbusdir. Musobaqalar orqali isteʼdodli sportchilar aniqlanib, ularning keyingi faoliyatiga koʻmak berish, sport klublari faoliyatini yanada jonlantirish imkoniyati yaratilmoqda.

— Men bolaligimdan voleybol sport turi bilan shugʻullanib kelaman, — deydi Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi Mahliyo Oʻrozova. — Voleybol — bu mening hayotimning ajralmas bir qismiga aylangan. Ishonchim komilki, bugungi musobaqada jamoamiz bilan gʻalabaga erishamiz. Buning uchun bizda yetarli tayyorgarlik bor. Biz barchamiz universitetimiz nomini munosib himoya qilish va gʻoliblikni qoʻlga kiritish uchun bor kuchimizni sarflaymiz!
“Rektor kubogi” sport musobaqalari davom etmoqda. Gʻolib jamoalar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BAAning “Manara” markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring