Samarqand davlat universitetida “Kelajakka qadam” markazi ochildi

Foto: SamDU Axborot xizmati
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror asosida yoshlarning bandligini taʼminlash, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish, xususiy sektor va tijorat banklari ishtirokida kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish kabi qator vazifalar belgilangan edi. Uning ijrosini taʼminlash maqsadida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Oʻzmilliybank” AJ hamkorligida “Kelajakka qadam” markazi tashkil etildi.
Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati xabariga koʻra, yangi markazning asosiy vazifasi – bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash, kasbiy taʼlim dasturlarida, ishlab chiqarish obyektlarida amaliyot oʻtash va chet eldagi oliy taʼlim tashkilotlarida qisqa muddatli oʻquv kurslarida qatnashishni moliyalashtirish, yoshlarni kasbiy rivojlantirish va tadbirkorlikka yoʻnaltirishdan iborat.

“Kelajakka qadam” markazining tantanali ochilish marosimida Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov, Bank Akademiyasining rektori, “Kelajakka qadam” respublika markazi bosh ijrochi direktori Elmurod Hoshimov, Samarqand shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Farhod Nishonov shuningdek, Samarqanddagi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida “Oʻzmilliybank” tomonidan autsorsing asosida tashkil etilgan “Kelajakka qadam” hamda Samarqand viloyatining barcha oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu kelishuv asosida tomonlar bitiruvchilarning mehnat bozoriga moslashuvini taʼminlash, ularni istiqbolli kasblarga yoʻnaltirish hamda zamonaviy kasbiy koʻnikmalarni shakllantirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Mazkur markazning tashkil etilishi Samarqand davlat universiteti va barcha oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Ular nafaqat oʻz mutaxassisligi boʻyicha munosib ish oʻrinlariga, balki kelajak kasblarini egallash, startap loyihalarini amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida barcha maʼlumotlarga ega boʻladilar.
“Kelajakka qadam” markazining ochilish tadbirida SamDU talabalari Shohboz Boʻronov, Mashhura Usmonova yuksak gʻamxoʻrlik va eʼtibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring