Sayyohlarni Jizzaxga nima jalb etmoqda?
Said DONISHEV/“Xalq soʻzi”. Jizzax viloyatida turizm xizmatlari sifat jihatdan yaxshilanib, sayyohlar oqimi tobora oshib bormoqda. Infratuzilmadagi oʻzgarishlar koʻzni quvontiradi.
Darhaqiqat, Zomin, Baxmal, Forish va Yangiobod tumanlarida turizm va ziyorat turizmini, Sharof Rashidov, Gʻallaorol, qisman Doʻstlik va Paxtakor tumanlarida gastronomik, Aydar – Arnasoy koʻllar tizimi atrofidagi Arnasoy, Forish tumanlari va Jizzax shahrida eko, gastronomik hamda ziyorat turizmini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Joriy yilning 8 oyi davomida Jizzax viloyatiga 298 ming nafar xorijiy va 976 ming nafar mahalliy sayyohlar kelgani qayd qilingan. Chet ellik sayyohlarning asosiy qismini Xitoy, Janubiy Koreya, Italiya, Meksika, Polsha, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Shveysariya davlatlari fuqarolari tashkil etmoqda. Ularga turizm obyektlarida yaratilgan sharoitlar, milliy urf-odatlar, hunarmandchilik buyumlari, mahalliy taomlar, hududlarning betakror tabiati, xushmanzara togʻlar va adirliklari manzur boʻlib, 5 kunlik “7 yulduz” turizm halqasi boʻylab sayohat qilish zavq bagʻishlaydi.
— Bu yil Jizzax viloyatida turizm xizmatlari eksportini 50 million AQSH dollaridan oshirish maqsad qilingan, — deydi viloyat turizm boshqarmasi boshligʻi Aziz Egamberdiyev. — Sayyohlarni munosib kutib olish va ularning maroqli dam olishini taʼminlash uchun 2024-yilning oʻtgan davrida 1 ta mehmonxona, 9 ta xostel, 11 ta oilaviy mehmon uyi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yillik reja 80 foizga bajarildi. Bu viloyatga kelayotgan xorijiy sayyohlarni toʻliq joylashtirish imkoni yaratilganidan dalolat beradi.
Soʻnggi yillarda Forish tumanida ham turizm sohasini izchil rivojlantirish, yangi turistik obyektlarni ishga tushirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
— Hududdagi “Doʻstlik”, “Oʻxum”, “Sayyod”, “Uchquloch” mahallalarini bosqichma-bosqich turizm mahallalariga aylantirish maqsadida mehmonxonalar, turizm va xizmat koʻrsatish maskanlari, turistik davolash-sogʻlomlashtirish majmuasi, xostel hamda oilaviy mehmon uylari bunyod etilayapti, — deydi viloyat turizm boshqarmasi bosh mutaxassisi Dilorom Xolmirzayeva. — Tumanda 2023-yilda umumiy qiymati 5 mlrd. 787 mln. soʻm boʻlgan 2 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi.
Aytish lozimki, Jizzax viloyatida ekstremal-togʻ turizmini rivojlantirish, ayniqsa, togʻ choʻqqisini zabt etish, gʻorda sayr, snoubord, togʻ velosipedi uchun ajoyib imkoniyatlar bor.
Bugungi kunda xayking (togʻ soʻqmoqlarida piyoda yurish) butun dunyoda ommalashib boryapti. Turkiston togʻ tizmasi bu maqsad uchun juda mos keladi, ammo gap bunday sayohatni tashkil etib beradigan mutaxassislar haqida borganda masalaga jiddiy yondashish zarur. Sayyoh oʻzi sayr qiladigan hududning xavfsizligiga toʻla ishonch hosil qilishi, gid-instruktor esa uni qiziqarli va qulay soʻqmoqlarga boshlab borishi kerak. Demak, jismoniy, mukammal texnik tayyorgarlik hamda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish koʻnikmasiga ega ekstremal va togʻ turizmi boʻyicha mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratish lozim.
Sentyabr oyining dastlabki oʻn kunligida tashkil etilgan ikki kunlik oʻquv seminarda viloyatda faoliyat olib borayotgan gid-yoʻlboshchilar uchun nazariy bilimlar berildi. Ahamiyatlisi, Rossiya Federatsiyasidan mutaxassis – piyoda turizmi boʻyicha oliy toifali trener, sport ustasi Boris Karpov hamda Oʻzbekiston Ekstremal va togʻ turizmi federatsiyasi raisi Leonid Kozlovskiy jalb etildi.
Baxmal, Zomin va Forish tumanlarida ekstremal va togʻ turizmi uchun imkoniyatlar aniqlangan. 4 yildan buyon Baxmal tumanida ekstremal togʻ turizmi boʻyicha xalqaro musobaqa oʻtkazib kelinayotganligi ham viloyatning sayyohlik salohiyatini yaqqol namoyon etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring