Saylov-2024: Ilk bor ovoz beraman

15:48 24 Oktyabr 2024 Jamiyat
283 0

Joriy yilda umrim kitobi sahifasiga ikki unutilmas voqea bitiladigan boʻldi. Yaʼni bu yil eng katta orzularimdan biri – talaba boʻlish orzuyim amalga oshdi. Oʻzim istagan universitetga davlat granti asosida qabul qilindim.

Ikkinchisi saylovda ovoz berish huquqiga ega boʻlganimdir. Ha, albatta, bu yil voyaga yetgan shaxs sifatida men ham ilk marotaba saylovda ishtirok etaman. Bu huquqim zamirida nafaqat fuqarolik burchimni bajarish, balki davlat va jamiyat hayoti hamda taraqqiyotida endi mening ham oʻrnim borligini yaxshi bilaman. Oʻz navbatida ayni daxldorlik zimmamga katta masʼuliyat ham yuklayotganini chuqur his qilyapman.

Oilada toʻngʻich farzandman. Ilk bor saylovda ishtirok etishimdan, rosti, oʻzimdan ham koʻra ota-onam juda xursand. “Mana endi haqiqiy voyaga yetding, qizim”, deydi dadam. Bundan buvimning bolaligimdan beri taʼkidlab keladigan “Vatan bir ulkan daryo boʻlsa, sen ham shu oqimdagi bir tomchisan” degan gapi bejiz emasligini chuqur angladim.

Darvoqe, buvim aytganidek, oʻsha shoshqin taraqqiyot oqimining ishtirokchisiga, yaʼni saylovchi sifatida jamiyatning bir boʻlagiga aylandim. Yana buvim oʻzining yoshligidagi bilan bizga yaratilgan imkoniyatlarni taqqoslab, hozirgi yoshlarga havas qilishini aytadi. Shu maʼnoda ushbu sharoitlarning qadriga yetib, ulardan samarali foydalanishimiz va yurtimiz ravnaqiga foydasi tegadigan fuqaro boʻlishimiz lozimligini uqtiradi.

Ha, aytgandek, saylovga buvim bilan birga boraman. Tinch-osuda hayotimiz farovonligi, yurtimiz obodligi uchun ovoz beraman. Ishonamanki, mening ovozim ham Yangi Oʻzbekistonimizning yanada gullab-yashnashiga xizmat qiladi.

Shahinabonu SALIMOVA,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti xalqaro jurnalistika yoʻnalishining 1-bosqich talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер