Said Nosirxon toʻra kim boʻlgan?

14:16 07 Oktyabr 2024 Jamiyat
327 0

Mamlakatimizda qatagʻon qurbonlari va jadidlarning hayoti, faoliyati, milliy istiqlol, xalqimiz ozodligi yoʻlidagi kurashi, maʼrifatparvarlik gʻoyalarini aholi, ayniqsa, yoshlar orasida keng targʻib etish, ularning nomlari va xotirasini abadiylashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Taʼkidlash joizki, 2021-2024-yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 1 ming 200 dan ortiq siyosiy qatagʻon qurbonlarining nomlari oqlandi. Ular orasida kosonsoylik maʼrifatparvar, jadidchilik harakatining faol aʼzosi siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan Nosirxon toʻra Kamolxon toʻra oʻgʻli ham bor.

Turkiston muxtoriyati asoschilaridan biri, 91-yil deganda oqlangan Said Nosirxon toʻra Said Kamolxon toʻra oʻgʻli qanday shaxs edi?

1871-yili Namangan viloyatining hozirgi Kosonsoy tumanida tugʻilgan Nosirxon ilk saboqni Namangandagi madrasalardan birida mudarrislik qilgan otasidan olgan. Soʻngra tahsilni Namangan va Buxorodagi madrasalarda, keyinchalik Kobul, Dehli, Bagʻdod va Hijoz shaharlarida davom ettirgan.

Turkistonga qaytgach, Namangandagi Mavlaviy va Mulla Qirgʻiz madrasalarida bosh mudarris boʻlib faoliyat yuritgan va koʻplab ilm toliblariga tafsir, hadis, fiqhdan saboq bergan. 1912-yili Namangan shahriga qozi etib tayinlangan. Nosirxon toʻra 1913-yildan boshlab jadidchilik harakatining faol qatnashchisiga aylanadi. 1917-yil 26-29-noyabr kunlari Qoʻqon shahrida oʻtkazilgan Oʻlka musulmonlarining toʻrtinchi qurultoyida qatnashadi va Turkiston muxtoriyati hukumati aʼzosi – maorif vaziri etib saylanadi.

1923-24-yillarda u Batraklar ittifoqi deb nomlangan kambagʻal-dehqonlar jamiyati faoliyatiga aralashadi va azaldan islomda mavjud boʻlgan vaqf xoʻjaligi haqidagi tajribalarini ushbu jamiyatda joriy qiladi. Natijada odamlar Batraklar ittifoqini tashlab Nosirxon toʻraning atrofida toʻplana boshlaydi.

Bundan tashvishga tushib qolgan sovet maʼmurlari nima qilib boʻlmasin Fargʻona vodiysidan Nosirxon toʻrani uzoqlashtirish kerak, degan xulosaga keladi va 1925-yilning avgustida u Samarqandga chaqirilib, qamoqqa olinadi va bir qancha boʻhtonlarga asoslanib, uchlik qarori bilan Orenburgga surgun qilinadi.

Namangan, umuman, vodiy ahlining koʻplab arizalari natijasida Nosirxon toʻra 1928-yilning 10-avgustida Orenburg surgunidan qutulib Vatanga qaytishga ruxsat oladi.

Arxiv hujjatlarida koʻrsatilishicha, oʻtgan asrning 30-yillarida Nosirxon toʻrani qidirib topish va qoʻlga olish jarayonida yuzlab odamlar jabrlangan, ulardan maʼlumot olish uchun inson zoti chiday olmaydigan qiynoqlar qoʻllanilgan, hatto oilalari, qizlari, farzandlariga nisbatan qattiq zulm qilingan.

Nosirxon toʻra umrining soʻnggiga qadar oʻzining gʻoyasi uchun, oʻzi ishongan, oʻzi suyangan iymoni yoʻlida shahodatni hech qanday ikkilanishlarsiz qabul qiladi. Bizning tariximizda yashab oʻtgan shunday bir inson mustaqilligimizning 30-yilligi arafasida oqlandi. Ayni paytda bu uning nomini abadiylashtirish, ilmiy va ijodiy merosini, faoliyatini oʻrganish masalasida keng koʻlamli izlanishlar olib borilmoqda.

Kuni kecha mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilgan Siyosiy qatagʻon qurbonlarini yod etish haftaligi doirasida maʼrifatparvar Said Nosirxon toʻra xotirasiga ham hurmat bajo keltirildi.

 

Dilshod ISOQOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Kosonsoy tumani boʻlinmasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер