Rudakiy madh etgan Joʻyi moʻliyon qayerda?

14:04 07 Aprel 2025 Jamiyat
378 0

Hukmdor Amir Nasr ibn Ahmad Buxorodan Marvga safar qildi-yu bu vohaning soʻlim va maftunkor tabiati uni butkul oʻziga mahliyo etdi. Shu zayl bu yerda uzoq qolib ketdi. Atrofidagi ayonlari oila, yor-birodarlari sogʻinchi sabab halovatini yoʻqotdi. Ortga qaytish toʻgʻrisidagi gap-soʻzlarga hukmdor eʼtiborsiz boʻldi.

Ana shunda ayonlar Abu Abdullo Rudakiyga umid koʻzi bilan boqdilar. Undan Nasr ibn Ahmadning yuragini “jiz” ettiradigan, uni ortga qaytishga undaydigan qasida bitishni soʻradilar. Tarixda sharq mumtoz soʻz sanʼatining dargʻalaridan biri sifatida qolgan Rudakiy bu oʻtinchni yerda qoldirmadi. Fors-tojik tilida bitilgan, “Boʻyi Joʻyi moʻliyon oyad hame” misrasi bilan boshlanadigan bu qasida hukmdorga shu qadar taʼsir koʻrsatdiki, u shitob bilan Buxoro tomon yoʻl oldi.

Xoʻsh, shoir Joʻyi moʻliyon deb nimani nazarda tutgan? Bu manzil qayerda joylashgan?

Bu goʻsha Buxoro shahridan 4 — 5 kilometr shimolda joylashgan qadimgi manzilgoh va ariq nomidir. Joʻyi moʻliyonligi taxmin qilingan manzilda Y. Gʻulomov va A. Qosimzoda 1956-yilda arxeologik tadqiqot ishlari olib borgan. Lekin uning aniq joyi hali ham toʻligʻincha maʼlum emas. Bu borada yana arxeologik tadqiqotlar olib borish kerak boʻladi.

Biz Muhammad Narshaxiy bergan maʼlumotlarga eʼtiborni qaratmoqchimiz. Uning “Buxoro tarixi” asarida yozilishicha, Ismoil Somoniy bu yerlarni xalifa al-Mustaʼin ibn al-Muʼtasimning lashkarboshisi boʻlgan Hasan ibn Muhammad ibn Tolutdan 10 ming dirhamga sotib olgan. Shundan soʻng Ismoil Somoniy saroy va bogʻlar barpo qilib, uning ancha qismini mavoliy yaʼni xoja, valiylarga vaqf etgan va bu yerlar Joʻyi mavoliyon deb atalgan. Mahalliy aholi esa uni soddaroq qilib, “Joʻyi moʻliyon” yaʼni “Moʻliyon arigʻi” degan. Ismoildan keyin taxtga oʻtirgan somoniy amirlari goʻzalligi, toza va xushhavoligi tufayli Joʻyi moʻliyonda oʻzlari uchun bogʻ va koʻshklar bino qilganlar. Mamlakat somoniylar qoʻlidan ketgach, Joʻyi moʻliyon xarob ahvolga tushgan.

Joʻyi Moʻliyon yerlari qadim vaqtlarda Buxoro podshohi Tagʻshoda (Buxorxudotning oʻgʻli) mulki boʻlib, uni oʻgʻillari va kuyovlariga taqsimlab bergan edi. Buxoro shahri yaqinidagi bu yerlarni arablar “Faroviz ul-ulyo” (Shahristonning nariyogʻidan oqib oʻtuvchi suv) deyishardi. Ismoil Somoniy ozod boʻlgan qullarni joylashtirgach, bu yerlar Joʻyi Mavoliyon deb atala boshlandi. Aholi tilida bu ibora Joʻyi moʻliyonga aylandi.

Chor Bakrlar Ismoil Somoniy davridayoq obod, farahli Joʻyi moʻliyonda oʻrnashib, shu yerda umrguzaronlik qilganlar. Bu yerga keyinchalik aholi Joʻybor deb nom bergan. Gap hozir Chor Bakr majmui joylashgan Sumitan qishlogʻi haqida bormoqda. Shuning uchun ham Chor Bakrlarni Joʻybor xojalari, shayxlari, avliyolari deb ham tilga oladilar.

Chor Bakrlar asrlar davomida Buxoroda katta nufuzga ega boʻlib, vohaning ilm-u maʼrifati, maʼnaviy hayotida faol ishtirok etganlar. Buxoro hukmdorlari ular bilan doim hisoblashgan. Mushkul paytlarda yoʻl-yoʻriq, maslahat olgan. Yurtning ozodligi, osoyishtaligi uchun kurashda ularning yordamiga suyangan. Chor Bakrlarga har xil tuhfa, inʼomlar ham qilingan. Oʻz navbatida bu zoti shariflar masjid-u, madrasalar qurgan. Kutubxona, shifoxonalar ochgan. Gʻariblar, muhtojlarni himoyasiga olgan. Oʻzlari kamtarona, xokisor yashashgan.

Rudakiyning “Boʻyi joʻyi Moʻliyon oyad hame” deb boshlanadigan mashhur gʻazaliga kelsak, u shoirga katta shuhrat keltirdi. Buxoro tarannum etilgan eng yaxshi bitiklar qatoridan oʻrin oldi. Uning buxorolik shoir, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Samandar Vohidov tomonidan qilingan tarjima variantini oʻqib bunga yana bir bor amin boʻlish mumkin:

Moʻliyonning xush hidi kelgay buyon,

Esga tushgay yodi yori mehribon.

Ham Amuning qumlari, qumloq yoʻli

Poyimizda yoyilar baxmalsimon.

Ot belidan past tushar Jayxun suvi

Doʻst visolini xayol qilgan zamon.

Ey Buxoro, shod boʻl-u mangu yasha,

Shoh borar bagʻringga yayrab shodmon.

Shoh agar Oydir, uning osmoni sen,

Oy borar osmon — Buxoroga tomon.

Shoh agar sarvdir, uning boʻstoni sen,

Sarv borar boʻston —Buxoroga tomon.

Madh-u taʼrifdan butun yetgay hayon,

Garchi ganjga yetsa-da undan ziyon.

Farrux TEMIROV,

Buxoro davlat universiteti

“Arxeologiya va Buxoro tarixi” kafedrasi mudiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер