Rossiyaning ehtimoliy yangi fronti va Yevropadagi xavotirlar nimadan iborat?

Arxiv surat
Ukrainalik ekspertlarning fikricha, Rossiyaning 50 ming nafarga yaqin askari Sumi va Xarkov hududlarini egallashga hozirlik koʻrmoqda.
Ukraina qoʻshinlari uzoq kutilgan harbiy yordam paketlarini qabul qilib olayotgan bir paytda Moskva kichik va taktik yutuqlarga erishishda davom etyapti. Ukraina, shuningdek, dushman qoʻshinlari oʻzining shimoliy chegarasida askar toʻplayotgani va potensial yangi front yaratish harakatida ekanligini maʼlum qildi. «The Economist»ga koʻra, qoʻshinlar may oyi oxiri yoki iyunning boshida Ukrainaga kirishi mumkin.
Bunday keskin vaziyatda Yevropa Ittifoqiga haddan ortiq ishonib qolmasdan Ukraina oʻzining mudofaa sanoati bazasini mustahkamlashga harakat qilmoqda.
Ukrainaning Janubiy qoʻshinlari matbuot kotibi Dmitriy Pletenchukning soʻzlariga koʻra, rus askarlarining oldida katta toʻsiq boʻlgan Dnepr daryosi turibdi. Ular hududni yengib oʻtish uchun suv kemalaridan foydalanishga majbur, lekin ular hozirda quruqlikda jang qilyapti. Dushman kuchlari bir hafta davomida Dnepr deltasining oʻng qirgʻogʻida Ukraina kuchlarini taʼqib qilgan. Ammo 28-aprelda Ukraina qaytarib olishga muvaffaq boʻlgan Nestriga orolini egallashga boʻlgan urinishlar besamar ketgan. Rossiya kuchlari sharqdagi strategik ahamiyatga ega Chasov Yar shahrini ham qoʻlga kirita olmadi.
Ukraina parlamentariylarining «Al-Jazeera» telekanaliga aytishicha, Ukraina oʻn minglab qoʻshinlarini mamlakat shimolida dushman rejalariga qarshi saqlab turibdi. Ukraina Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qoʻmondoni Aleksandr Sirskiy shimol kuchlarini kuchaytirish uchun frontga qoʻshimcha artilleriya va tanklar yuborayotganini aytdi.
Yevrodagi xavotirlar
«New York Times» gazetasining xabar berishicha, 28-aprel kuni tankka qarshi raketa, snaryad va 155 mm artilleriya oʻqlarining birinchi partiyasi AQSHdan Ukrainaga yetib kelgan. Yevropalik ittifoqchilar kezi kelganda mudofaa operatsiyalarini oʻtkazish uchun ham qurol yetkazib bera olmadi. Chunki Sovuq urushdan buyon Yevropaning mudofaa sanoat bazasi sezilarli darajada qisqargan.
Yevropalik yetakchi va qoʻmondonlar oʻz davlatlarini tinch saqlamoqchi boʻlishsa, qitʼa urush davridagi iqtisodiyot va sanoatga oʻtish zarurligini anglab yetmoqda.
Xususan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga koʻra, Rossiya kabi hech qanday cheklov va chegarasi yoʻq kuch bilan toʻqnashganda Yevropa oʻzini himoya qilish uchun qurollanmagan. Shuningdek, uning aytishicha, qitʼa oʻz manfaatlarini himoya qilish qobiliyatiga ega boʻlishi shart. Shu oʻrinda Fransiya rahbari yana bir bor zarurat tugʻilganda Kiyevga askarlarini joʻnatish mumkinligini inkor qilmadi.
Ukraina razvedkasi boshligʻi oʻrinbosari Vadim Skibiskiyning aytishicha, Rossiya Boltiqboʻyi davlatlarini bir hafta ichida bosib olishi mumkin. NATOning ularga yordam berish jarayonini boshlash uchun kamida 10 kun vaqt ketadi. Yevropaning qolgan qismida Rossiya tahdidini anglash bilan bir qatorda Ukrainaga yordam berish zarurati ortib bormoqda.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning taʼkidlashicha, Rossiyaning gibrid faoliyati, jumladan, notoʻgʻri maʼlumotlar tarqatish, josuslik va boshqa kampaniyalari Yevropada allaqachon ish boshlagan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring