Rossiyadagi konsertda 8 nafar oʻzbekistonlik ushlangani aytildi
Videodan kadr
Avvalroq Rosgvardiya va boshqa huquq-tartibot organlari Rossiyaning Krasnoyarsk oʻlkasi Yemelyanovskiy tumanida oʻzbekistonlik xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev konsert berayotgan “Korona” ziyofat zalida reyd oʻtkazgani haqida xabar berilgan edi. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonovning maʼlum qilishicha, tekshiruv davomida 8 nafar Oʻzbekiston fuqarosi Rossiyada boʻlish qoidalarini buzgani aniqlangan.
Bildirilishicha, ulardan 4 nafariga nisbatan maʼmuriy jarima va maʼmuriy chiqarib yuborish choralari qoʻllangan, qolgan 4 nafari esa Krasnoyarsk oʻlkasidagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan. Novosibirsk shahridagi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulxonasi tezkor tarzda ushbu fuqarolarga zaruriy huquqiy yordam koʻrsatish boʻyicha choralar koʻrmoqda.
Maʼlum boʻlishicha, oʻzbekistonlik xonanda ishtirokidagi mazkur konsert Krasnoyarsk oʻlkasining tegishli tashkilot va idoralari bilan belgilangan tartibda kelishilmagan holda tashkil etilgan. Yaʼni Rossiya fuqaroligiga ega boʻlgan shaxslar tomonidan shaxsiy tartibda, bunday tadbirlar uchun maxsus jihozlanmagan binoda oʻtkazilgan. Aynan shu omillar mazkur voqeaga sabab boʻlgan.
Shu oʻrinda, Novosibirsk shahridagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi mazkur mintaqadagi kuch tuzilmalari harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida barcha zarur hujjatlarni Krasnoyarsk oʻlkasining huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etgan.
“Krasnoyarsk oʻlkasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilayotgan bunday reydlar huquqiy asosga ega boʻlishi va madaniy hordiq chiqarishga toʻsqinlik qilmasligi lozim”, deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi tomonidan Oʻzbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida, litsenziyaga ega advokat voqea joyiga yuborilgani haqida xabar berilgan edi. Ayni paytda mazkur holat Rossiya Federatsiyasining amaldagi qonunchiligi doirasida oʻrganilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- Oʻzbekistonda ilmiy laboratoriyalarning sunʼiy intellektga asoslangan yagona ilmiy platformasi ishga tushiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring