Rossiya yangi xavfli dronlarini jangga chiqardi. Bu Kiyevni xavotirga solmoqda

11:53 01 Avgust 2024 Dunyo
260 0

Kiyevga yaqin hududdan uzoq masofaga uchuvchi yangi turdagi “Gerbera” dronlari topildi. Bu haqda “Newsweek” nashri xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, “Shahed” dronining “kenja singlisi” deb atalgan bu dron Rossiyaning “Stalin lochinlari” harbiy qismi tomonidan eʼlon qilingan videolarda ilk bor koʻrinish bergan. Koʻpikli plastmassadan tayyorlangan va Ukraina SIM-kartasi bilan jihozlangan “Gerbera” droni Ukraina mudofaa kuchlariga qiyinchiliklar tugʻdirgan.

“Gerbera” dronining jangga kiritilishi Rossiya va Ukraina oʻrtasida davom etayotgan uchuvchisiz uchoqlar konfliktlarida yangi bosqichning boshlanganidan darak beradi. Rossiya asosan Eron tomonidan ishlab chiqarilgan “Shahed” dronlariga tayanib qolishdan qochib, “Gerbera” dan alternativ variant sifatida foydalanayotgan boʻlishi mumkin.

Ukraina harbiy razvedkasi Rossiya hozirda havo hujumidan mudofaa tizimini sinash va chetlab oʻtish uchun koʻpikli plastmassa yoki faneradan yasalgan arzon, uzoq masofaga uchuvchi uchuvchisiz samolyotlardan foydalanayotgani haqida xabar bergan.

Qayd etilishicha, jang maydonlarida sinovdan oʻtayotgan yangi avlod dronlari koʻp funksiyali hamda potensial nishonlarga zarba berishga qodir. Ushbu dronning Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari haqida qimmatli maʼlumotlarni toʻplab, videoni Rossiya operatorlariga tezlikda uzatishi bilan boshqa turlardan ustunlikka egaligi taxmin qilinmoqda.

Chorshanba kuni Ukraina Harbiy-havo kuchlari Rossiya tomonidan otilgan 89 ta “Shahed” dronlarini yoʻq qilgan, ammo “Gerbera” droni Kiyev atrofidagacha sezdirmay kelishni uddalay olgan. Shunga qaramay, dron jangovar holatda boʻlmagan. Boisi bu asosiy model emas.

Ukrainalik harbiy mulozimlar Andrey Kramarov va Samuyel Bendettlar esa arzon va ishlab chiqarish oson boʻlgan, koʻp funksiyali dronlarga ehtiyoj ortayotganini qayd etdilar. “Gerbera” esa barcha talablarga javob beradi.

Dronlar boʻyicha mutaxassis Stiv Rayt ham bunday arzon dronlarning Ukraina uchun xavf tugʻdirishini taʼkidladi. Oddiyligiga qaramay, bu dronlar razvedkada va havo hujumidan mudofaa vositalarida samarali boʻlishi mumkin.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер