Romitanliklarning asriy orzusi ushaldi

12:07 11 Noyabr 2025 Jamiyat
161 0

Romitan tumanidagi “Oʻtabek” mahallasida oz emas, koʻp emas, 3078 nafar aholi yashaydi. Toza ichimlik suv taʼminoti masalasi bu yerda asriy muammo, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Odamlar chetdan mashinalarda keltirilgan suvni sotib olishadi. Nihoyat, bu holga barham beriladi.

– Tumanda suv taʼminoti tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda, – deydi mahalla raisi Bahriddin Kamolov. – Ikki yil davomida bajariladigan ishlar natijasida hududimizdagi barcha qishloqlar markazlashtirilgan ichimlik suv bilan taʼminlanadi. Nasib etsa, vodoprovod joʻmraklaridan zilol suv oqadi. Aholi tashvishi yengillashadi. Bu yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili izchillik bilan amalga oshirilayotgani tasdigʻidir.

Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda roʻyobga chiqarilayotgan loyihaning umumiy qiymati 28,6 million AQSH dollariga teng. Unga koʻra, “Chelongʻu”, “Markaziy”, “Xossa”, “Mugʻoncha”, “Oʻtabek” suv taqsimlash inshootlarini rekonstruksiya qilish, “Arabon” suv taqsimlash inshootini qayta qurish koʻzda tutilgan. 330 kilometrdan ziyod uzunlikda quvurlar ham tortiladi. Ayni paytda obyektlarda ish qizgʻin. Bu istiqbolli loyiha tufayli tumandagi “Navbahor”, “Istiqlol” mahallalarida ham toza suv taʼminoti masalasi kun tartibidan tushadi.

– Bugun viloyatning qay bir goʻshasini olmang, ichimlik suv masalasini hal etish yoʻlida yirik loyihalar amalga oshirilayotgani shohidi boʻlasiz, – deydi mehnat faxriysi G. Roʻziyeva. – Biz istiqomat qilayotgan Olotda, shuningdek yon qoʻshnimiz Qorakoʻlda ham bu boradagi xayrli ishlar samarasini aholi oʻz hayoti misolida koʻrib turibdi.

Bundan toʻrt yil muqaddam har ikkala tumanda ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasi 16 foiz atrofida edi. Davlatimiz tomonidan xalqaro tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilgan ishlar ahvolni tubdan oʻzgartirdi. Suv tozalash va tarqatish inshootlari rekonstruksiya qilindi, yuzlab kilometr uzunlikda quvurlar tortildi. Pirovardida 200 ming nafardan ortiq aholi ilk bor markazlashgan toza ichimlik suvidan bahramand boʻldi.

Ilgari odamlar chetdan keltirilgan ob-hayotni sotib olib, qoʻlbola quduqlarda saqlashar, uni 20 – 30 kun davomida isteʼmol qilishardi. Holbuki, shifokorlarning taʼkidlashicha, turgʻun suvda mikroblarning koʻpayishi uchun qulay muhit yuzaga keladi. Turli kasalliklar kelib chiqishi ehtimoli yuqori. Endi esa ortiqcha tashvishga ham, xavotirga ham hojat yoʻq.

Eʼtiborlisi, viloyatda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami tobora kengaymoqda. Natijasi ham koʻzga yaqqol tashlanib qoldi. Agar 2016-yilda viloyatda markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 54, 4 foizni tashkil etgan boʻlsa, ayni damda bu koʻrsatgich 74,3 foizga yetdi. Shu kunlarda Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki bilan birgalikda qiymati 633,5 million AQSH dollariga teng yana bir loyiha hayotga tatbiq etilmoqda. Ikki bosqichli bu loyiha natijasida viloyatning markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanganlik koʻrsatgichi 98 foizga, oqova suv xizmati darajasi esa 40 foizga yetishi kutilmoqda.

Istam IBROHIMOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?