Roksana Xudoyorova Fransiyada kumush medalni qoʻlga kiritdi

10:57 30 May 2022 Sport
611 0

Mahoratli yengil atletikachimiz Roksana Xudoyorova Yevropada yana bir xalqaro musobaqada ishtirok etdi. Bu safar vakilamiz Fransiyaning Forbak shahrida tashkil etilgan “Meeting international de Forbach” turnirida shohsupaga koʻtarildi.

Xudoyorova bu gal ham oʻzining sevimli uch hatlab sakrash yoʻnalishida qatnashdi. Turnir ochiq havoda oʻtgan boʻlsa ham, bellashuvlar vaqtida havo haroratining +11 gradusga tushib ketgani atletlar uchun noqulaylik tugʻdirdi.

Natijalarga toʻxtaladigan boʻlsak, Tokio-2020 ishtirokchisi Roksana Xudoyorova medallar uchun Olimpiada finalchilari bilan raqobatlashdi. Yakunda 13,42 metr natija bilan hamyurtimiz kumush medalga sazovor boʻldi. Gʻoliblik 14,14 metrga sakragan finlyandiyalik Kristina Makelaga nasib etgan boʻlsa, mezbon Rugi Diallo 13,31 metr bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi.

“Meeting international de Forbach”, Fransiya
Uch hatlab sakrash, ayollar:
1. Kristina Makela (Finlyandiya) – 14,14
2. Roksana Xudoyorova (Oʻzbekiston) – 13,42
3. Rugi Diallo (Fransiya) – 13,31

Bu Xudoyorova uchun soʻnggi besh kun ichidagi uchinchi start boʻldi. Avstraliyada oʻquv-mashgʻulot yigʻinini oʻtkazgan atletimiz 25-may kuni Gretsiyada, 27-may kuni Polshada oʻtgan xalqaro musobaqada beshinchi oʻrin bilan kifoyalangan edi.

Bunday tigʻiz taqvimdagi ishtirokiga vakilamiz quyidagicha izoh berdi:

“Besh kun ichida uchta turli mamlakatlardagi musobaqada qatnashish juda murakkab. Beshta parvozdan soʻng barqaror natijalar koʻrsatganimdan koʻnglim toʻldi. Deyarli mudroq va horgʻin holatda, murabbiylarsiz bir oʻzim murakkab yoʻlni bosib oʻtdim. Endi yanada katta gʻayrat bilan keyingi startlarga tayyorlanaman”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?