Rishtonda “Kulollar sayli” o‘tkazilmoqda
Shu yilning 12-14-may kunlari Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida an’anaviy “Turkiy xalqlar hunarmandchiligi” forumi va uning doirasida “Kulollar sayli” milliy kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Rossiya, Polsha, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Isroil va Turkiya kabi xorijiy mamlakatlardan soha mutaxassislari, olimlar va mohir hunarmandlar ishtirok etmoqda.
“Kulollar sayli”da yurtimizdagi barcha kulolchilik maktablarining 150 nafardan ziyod usta kulollari, mashhur sulola vakillari va xalq ustalarining mahsulotlari ko‘rgazmasi, mahorat darslari namoyish etiladi.
Tuman istirohat bog‘ida tashkil etilgan tantanali ochilish marosimida Rishton kulolchiligi azaldan o‘zining dizayni, tabiiy jozibasi va naqshlari bilan yetti iqlimda mashhur ekanligi ta’kidlab o‘tildi. Keyingi yillarda soha rivojiga qaratilgan e’tibor va rag‘bat tufayli tuman kulollari tomonidan tayyorlangan san’at asarlari AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Polsha, Shvesiya, Iroq, Eron, Misr kabi mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish etib kelinmoqda.
- Bugungi kunda kulolchilik yo‘nalishida tumanda yuzlab mashhur sulolalar faoliyat ko‘rsatmoqda,-deydi rishtonlik mashhur kulol Tohirjon Haydarov. – Shuningdek, “Ustoz-shogird” an’anasi bo‘yicha minglab yoshlar ushbu hunar sir-asrorlarini o‘rganmoqda.
“Kulollar sayli” davomida O‘zbekistonning turli hududlariga xos bo‘lgan kulolchilik maktablari ustalari tomonidan mahorat darslari o‘tkaziladi. O‘z navbatida an’anaviy “Turkiy xalqlar hunarmandchiligi” forumi doirasida xorijdan tashrif buyurgan olimlar va soha mutaxassislari bilan yuzma-yuz suhbatlar, kulolchilik maktablari ko‘rgazmalari ham bo‘lib o‘tadi. “Xalqaro kulollar markazi” faoliyati bilan yaqindan tanishiladi.
Shuningdek, “Rishton kulolchiligi: kecha, bugun, ertaga” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan nashr etilgan "An’anaviy Rishton kulolchiligi" kitob taqdimoti o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Forum 14 may kuniga qadar davom etadi.
Botir MADIYOROV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring