Rishton va Maydzuru oʻrtasidagi taʼlim hamkorligi doirasida ikki nafar oʻquvchi Yaponiyaga oʻqishga yoʻl olmoqda
Rishton tumani va Yaponiyaning Maydzuru shahri oʻrtasida imzolangan memorandum asosida har yili Rishton tumanidagi yapon tiliga ixtisoslashgan maktab oʻquvchilari ushbu mamlakatda grant asosida taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻlib kelmoqda.
Mazkur hamkorlik doirasida har yili dekabr oyida maxsus saralash imtihonlari oʻtkaziladi. Imtihon natijalariga koʻra eng yuqori koʻrsatkichlarga erishgan oʻquvchilar Yaponiyadagi taʼlim muassasalariga grant asosida qabul qilinadi. Joriy yilgi imtihonlar yakuniga koʻra rishtonlik oʻquvchilar Davron Zaylobiddinov va Akbarshoh Abduqodirov Yaponiyaning Maydzuru shahrida joylashgan politexnika kollejiga oʻqishga qabul qilindi.
Kuni kecha Rishton tumani hokimi Bahodirjon Xoliqov tanlov gʻoliblari bilan uchrashib, ularni qoʻlga kiritilgan yutuq bilan tabrikladi hamda Kunchiqar yurtdagi taʼlim jarayonida muvaffaqiyat tiladi. Uchrashuv davomida belgilangan tartibda tegishli shartnomalar imzolandi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur oʻquvchilar 2026-yilning mart oyida Yaponiyaga joʻnab ketishi rejalashtirilgan.
— Oʻquvchilarimiz Yaponiyada boʻlib, imtihonlarni yapon tilida topshirishdi va bilim hamda salohiyat borasida yaponiyalik tengdoshlaridan kam emasligini amalda isbotladilar, — deydi Rishton tumanidagi yapon tiliga ixtisoslashgan maktab direktori Gʻanisher Nazirov. — Bu maktabimizda taʼlim sifati va samaradorligi yuqori darajada yoʻlga qoʻyilganidan dalolat beradi.
Aytish joizki, Rishtondagi yapon tili maktabidan iqtidorli oʻquvchilarning Yaponiyada tahsil olishi yildan yilga barqaror anʼanaga aylanib bormoqda. Shu kunga qadar mazkur taʼlim muassasasini tamomlagan 300 nafardan ortiq oʻgʻil-qizlar Yaponiyada oʻqish va ishlash imkoniyatiga ega boʻldi. Ayniqsa, 2019-yilda Rishton tumani va Maydzuru shahri oʻrtasida memorandum imzolanganidan soʻng oʻzaro hamkorlik yanada faol bosqichga koʻtarildi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring