Respublika ishchi guruhi Shofirkonda boʻldi

19:45 04 Oktyabr 2023 Jamiyat
513 0

“Obod xonadon”, “obod koʻcha, “obod mahalla” dasturiga muvofiq Jondor tumanidagi Dalmunobod, Peshku tumanidagi Deycha, Shofirkon tumanidagi Quyi Chuqurak hamda Kogon tumanidagi Sorgʻun mahallalari ogʻir hudud sifatida belgilab olingan.

— Bugunga kelib 642 ta xonadon, 826 ta oila va ularda 3780 nafar aholisiga ega mahallamizda asosiy “drayver”, yaʼni tirikchilik manbai dala-dehqonchilik ishlari va chorvachilik hisoblanadi. Shu bois, hududda ekin yeri 412 gektar boʻlib, shundan 321 gektari bunda faoliyat yuritayotgan 6 ta fermer xoʻjaligi tasarrufidagi ekin maydoni, qolgani tomorqa yeridir, — deydi “Quyi Chuqurak” MFY raisi Jasurbek Nasrullayev. — Albatta, qishloq joyida oʻz tomorqasiga ega boʻlgan oila borki, sigir-buzoq parvarishlaydi, tovuq boqadi. Shu bilan roʻzgʻorda sut-qatiqqa, goʻsht yo tuxumga boʻlgan ehtiyoj qoplanadi. Biroq shunga qaramasdan, qishlogʻimizda xorijga chiqib ishlab kelayotgan rasman mehnat migranti 195 nafarni, ishsiz oʻttizdan oshiqni tashkil etmoqda.

Odamlarga yaratib berilayotgan shart-sharoit, hudud infratuzilmasini yaxshilash borasida gap ketganda, mahallada taʼmirtalab ahvolga kelgan qariyb 10 kilometr yoʻl qismini talab darajasiga keltirish, jumladan, 2,5 kilometr yoʻl asosini tayyorlab, shagʻal bostirish, 2,2 kilometr masofada piyodalar yoʻlagini barpo qilish, deyarli 2,3 kilometr masofaga ichimlik suvi tarmogʻini tortish, mavjud gidroinshootni mukammal taʼmirlab ishga tushirish kabi chora-tadbirlarga jadal kirishilgan. Shu bilan birga, elektr energiyasi taʼminotida kuzatilayotgan uzilishlarga barham berish, transformator yuklamalarini kamaytirish maqsadida 4,5 kilometr masofadagi elektr liniyasini taʼmirlash, kabellarini yangilash barobarida eskirib yaroqsiz holga kelgan 60 ta simyogʻochni temir-beton ustunga almashtirish, bu koʻchalarga 30 ta tungi yoritish chirogʻini oʻrnatish kabi ishlar davom ettirilmoqda.

Bugunga kelib tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan Quyi Chuqurak mahallasiga 250 kilovatt soat quvvatiga ega transformator, 100 kilovatt soat quvvatga ega qoʻshimcha transformator oʻrnatilib, 2 kilometr masofadagi elektr simlari koʻrikdan oʻtkazilib, sozlangan. Yana 20 tadan ortiq tayanch ustunlar toʻgʻirlanib, 5 kilometr uzunlikdagi tarmoq daraxt shoxlaridan tozalangan. Hududdagi 5 ta transformator joriy taʼmirdan chiqarilib, elektr toki taʼminoti va oʻtkazuvchanligi yaxshilangan.

Qolaversa, tegishli xizmatlar, obodonlashtirish boshqarmasi birgalikdagi saʼy-harakati natijasida hududda 250 dan ortiq xonadonning tashqi fasadi tartibga solingan, 2 kilometr masofadagi ariq-zovur tozalangani holda daraxtlar butalib, shakl berilgan va oqlangan. Muxtasar aytganda, yuqoridagi saʼy-harakatlarning barchasi avvalo “Quyi Chuqurak”da odamlar ogʻirini yengil qilish, ularning hech kimdan kam boʻlmagan turmush kechirishlari, ertangi kunga ishonch bilan qadam tashlashlari uchundir.

Hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish, mavjud muammolarga oʻz vaqtida va sifatli yechim topish maqsadida Prezident maslahatchisi birinchi oʻrinbosari Qahramon Sariyev boshchiligidagi respublika ishchi guruhi vakillari mazkur mahallada boʻlib oʻrganishlar olib bordi. Mahalla infratuzilmasi, aholining toifalari boʻyicha maishiy-ijtimoiy shart-sharoitlari atroflicha oʻrganildi. Mutasaddilarning axborotlari tinglandi. Shuningdek, Prezident maslahatchisi birinchi oʻrinbosari Qahramon Sariyev oqsoqollar va aholi vakillari bilan suhbatda boʻldi. Oʻrganishlar natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha masʼullarga topshiriq va koʻrsatmalar berildi.

Hududda boshlangan obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?