Respublika boʻylab 9,1 milliard soʻmdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzarlik holatlari aniqlandi

11:18 14 Oktyabr 2025 Jamiyat
195 0

Raqobat qoʻmitasi tomonidan umumiy 9,1 mlrd soʻmdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzarlik holatlari aniqlanib, tegishli choralar koʻrildi. Bu haqida qoʻmitaning rasmiy Telegram-kanalida maʼlum qilindi.

Unda aytilishicha, Qarshi davlat universiteti buyurtmachiligida 250 million soʻmga yaqin tanlov savdosida olib borilgan oʻrganishlarda baholash jarayonida noxolislikka yoʻl qoʻyilib, xususan, xarid komissiyasi ishtirokchilar taqdim etgan hujjatlarni notoʻgʻri baholab, mavjud qonun talablariga zid ravishda amalga oshirilgani aniqlangan.

Navoiy viloyatida olib borilgan oʻrganishlarda Oʻzbekiston Respublikasi Mahallalar uyushmasining Navbahor tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan 90 million soʻmga yaqin boʻlgan 7 ta tanlov (tender) savdolarining barchasida qonunbuzilish holatlari mavjudligi maʼlum boʻlgan.

Namangan viloyatida ham “Pop Muruvvat” erkaklar uchun internat uyi buyurtmachiligida 2024-yilda amalga oshirilgan davlat xaridlari boʻyicha oʻrganish va tahlillar olib borilgan.

Mazkur internat uyi 2 ta lot boʻyicha boshlangʻich narxi 3.5 million soʻmlik tovar, ish va xizmatlar sotib olish boʻyicha amalga oshirilgan davlat xaridlarida, qonunchilikda belgilangan tartibini buzish holatlari fosh qilingan.

Raqobat qoʻmitasining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Forish tumani hokimligi tomonidan “Maishiy texnika xarid qilish” boʻyicha oʻtkazilgan boshlangʻich narxi 72 million soʻmga yaqin tanlov savdoci yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazilganda qonun talablari buzilganligi maʼlum boʻlgan.

Fargʻona viloyatida ham “Qamchiqavtoyoʻl” ixtisoslashtirilgan yoʻllardan foydalanish korxonasi tomonidan boshlangʻich narxi 900 million soʻm boʻlgan “Avtomobil yoʻllarida qishda sirpanishga qarshi qum mahsulotlari sotib olish” uchun oʻtkazilgan eng yaxshi takliflarni tanlash savdosi boʻyicha oʻrganish ishlari oʻtkazilganda, unda oʻzaro affillangan “Sand and Gravel Wholesale” MCHJ va “Bus Park and Trading” MCHJ talabgor sifatida tijorat takliflarini topshirgani aniqlangan.

Shuningdek, Buxoro viloyatida “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ tomonidan boshlangʻich narxi 500 million soʻmlik oʻtkazilgan tanlov (tender) savdosining qonun talablariga mosligi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilgan.

Maʼlum boʻlishicha, amalga oshirilgan davlat xaridida “Etender.uzex.Uz” axborot portalida tanlash hujjatlarida takliflarni baholash mezonlari joylashtirilmagani hamda xarid komissiyasi tomonidan ishtirokchilarning takliflarini texnik qismi baholash mezonlarisiz baholanganligi maʼlum boʻlgan.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida “Oʻzbekiston Milliy Elektr Tarmoqlari” AJ tomonidan boshlangʻich narxi 7,3 milliard soʻmlik tanlov savdosi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi talablariga zid ravishda oʻtkazilgani fosh qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni talablari buzilishi boʻyicha aniqlangan yuqoridagi holatlar yuzasidan, aniqlangan qonunbuzilish holatlari boʻyicha buyurtmachilarga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, tegishli koʻrsatmalar berilgan. Shuningdek, mansabdor shaxslarga maʼmuriy chora koʻrish yuzasidan tegishli maʼlumotlar sud organlariga yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?