“Real Madrid” magʻlubiyatga uchradi, PSJ ochko yoʻqotdi

10:32 11 Dekabr 2025 Sport
395 0

Kecha, 10-dekabr kuni Yevropa chempionlar ligasida 6-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Kun doirasiga kirgan muhim bahslarga alohida toʻxtalib oʻtamiz.

“Arsenal”dan yirik gʻalaba

“Arsenal” klubi uchun mavsum juda yaxshi oʻtmoqda. Jamoaning Yevropa chempionlar ligasida ham, APLda ham ishlari joyida.

Bu gal jamoa Belgiyadagi “Bryugge” klubi mehmoni boʻldi. Uchrashuvda hisob 25-daqiqada ochildi. Noni Madueke oʻyindagi dastlabki golni kiritdi. Birinchi boʻlim 0:1 hisobida yakunlandi.

Lekin taʼkidlash kerakki, “Bryugge” jamoasi butun oʻyin davomida “Arsenal” bilan tengma-teng oʻyin koʻrsata oldi. Toʻp nazorati, hujumlar soni va aniq zarbalar boʻyicha ham “Arsenal” bilan deyarli bir xil natija qayd etdi.

Ikkinchi boʻlimni ham “Arsenal” faol boshladi. 47-daqiqada Noni Madueke dubilga erishdi. Oradan 10 daqiqa oʻtib Martinelli hisobni yirik koʻrinishga olib keldi.

Shu tariqa “Arsenal” navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi. Jamoa 6-turdan keyin Yevropa chempionlar ligasida 6 ta gʻalaba bilan 18 ochko toʻplab peshqadam boʻlib turibdi.

“Bryugge” — “Arsenal” 0:3

Gollar: Madueke 25, 47, Martinelli 56

“Bryugge” — Minole, Seys (Sabbe, 74), Sike, Ordones, Mexele, Stankovich, Onedika (Vetlesen, 74), Forbs (Dyakon, 83), Vanaken, Tzolis, Tresoldi (Furo, 67).

“Arsenal” — Rayya, Uayt (Salmon, 83), Norgard, Inkapiye (Kalafiori, 63), Lyuis-Skelli, Subimendi, Merino, Edegor (Nvaneri, 72), Madueke (Saka, 71), Martinelli, Gokeresh (Jezus, 62).

Ogohlantirishlar: Norgard 65, Uayt 68

Italiya chempioni magʻlub boʻldi

Italiya A Seriyasining amaldagi chempioni “Napoli” jamoasi uchun musobaqa omadli oʻtyapti, deb ayta olmaymiz. Bu turga kelib jamoa Portugaliyada navbatdagi magʻlubiyatini qabul qilib oldi.

Uchrashuvda hisob 20-daqiqada ochildi. Richard Rios dastlabki golni kiritdi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimda “Napoli” tempni oshirdi, ammo golni yana portugaliyaliklar kiritdi. 49-daqiqada Leandro Barreyru hisobni 2:0 ga yetkazdi.

Shu tariqa bahs 2:0 hisobida mezbonlar foydasiga hal boʻldi. Bu magʻlubiyatdan soʻng “Napoli” jadvalda 23-oʻringa tushib ketdi.

“Benfika” — “Napoli” 2:0

Gollar: Rios 20, Barreyru 49

“Benfika” — Trubin, Dedich, Arauxo, Otamendi, Dal, Rios, Barrenechea, Eursnes (Fraytes, 90+4), Barreyru (Netu, 90+5), Sudakov (Silva, 76), Ivanovich (Pavlidis, 76).

“Napoli” — Milinkovich-Savich, Di Lorenso, Buonjorno (Juan Jezus, 59), Bekema (Politano, 46), Rahmani, Oliveyra (Spinassola, 46), Maktominey, Elmaz (Vergara, 81), Neres, Lang (Lukka, 74), Hoylund.

Ogohlantirishlar: Dedich 78 — Lang 52, Vergara 87

“Real Madrid” inqiroz koʻchasida

“Real Madrid” klubida soʻnggi vaqtlardagi vaziyat yaxshigina yomonlashdi. Klub futbolchilarining bosh murabbiy Xabi Alonso bilan munosabatlari yaxshi emasligi hammaga maʼlum boʻlib ulgurdi. Bu esa asta-sekin jamoaning natijasiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

La Ligaʼda oʻtgan tur oʻz maydonida kutilmaganda “Selta” klubiga 2:0 hisobida magʻlub boʻlgan madridliklar koʻplab tanqidlarga sabab boʻldi. Matbuotda yaqin orada bosh murabbiy Xabi Alonso jamoani tark etishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.

Ushbu magʻlubiyat taʼsiri xotiradan chiqmasdan, jamoa yana bir alamli magʻlubiyatga uchradi. Chempionlar ligasining 6-turi doirasida “Real Madrid” oʻz maydonida “Manchester Siti”ni qabul qildi.

Uchrashuvda hisob 28-daqiqada Rodrigo tomonidan ochildi. 35-daqiqada OʼRayli hisobni tenglashtirdi.

Taym soʻnggida “Real Madrid” darvozasiga penalti belgilandi. 11 metrlik jarima toʻpini Erling Holand aniq amalga oshirib, hisobni 1:2 koʻrinishiga olib keldi. Birinchi boʻlim shu hisob bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimda “Real Madrid” jami 11 ta zarba yoʻlladi, ammo birortasi aniq chiqmadi. Yakunda jamoa yana bir magʻlubiyatni qabul qildi.

“Real Madrid” — “Manchester Siti” 1:2

Gollar: Rodrigo 28 — OʼRayli 35, Holand 43 (pen)

“Real Madrid” — Kurtua, Asensio (Endrik, 79), Ryudiger, Karreras, Chuameni, Valverde, Bellinghem, Seballos (Dias, 67), Rodrigo, Gonsalo (Guler, 58), Vinisius.

“Manchester Siti” — Donnarumma, Nunes, Diash, Gvardiol, OʼRayli, Gonsales, Sherki (Savino, 70), Foden (Reynders, 70), Silva, Holand (Marmush, 70), Doku (Ake, 88).

Ogohlantirishlar: Ryudiger 43, Rodrigo 87, Karreras 88 — Foden 11, OʼRayli 76, Gvardiola 82, Silva 90

PSJ ochko yoʻqotdi

Musobaqaning amaldagi chempioni PSJ bu turda Ispaniyaning Bilbao shahridagi “Atletik” jamoasi mehmoni boʻldi.

Uchrashuvda hisob ochilmadi va jamoalar 1 ochkodan boʻlishib oldi. Ammo PSJ butun oʻyin davomida ustunlikka ega boʻldi. Raqib darvozasiga 20 ta zarba yoʻlladi, “Atletik” posboni esa 5 ta seyv amalga oshirdi.

“Atletik” oʻyin davomida juda qoʻpol oʻyin namoyish qildi. Koʻp hollarda raqib hujumlari qoida buzish hisobiga toʻxtatib turildi.

“Atletik” — PSJ 0:0

“Atletik” — Simon, Vivian, Berenger, Sanset, Niko Uilyams, Guruseta (Gomes, 62), Areso (Gorosabel, 73), De Galarreta (Vesga, 78), Berchiche, Hauregisar (Rego, 73), Boyro.

PSJ — Safonov, Zair-Emeri, Markinos (Zabarniy, 46), Pacho, Mendesh, Vitinya, Nevesh, Ruis, Mayulu (Due, 62), Barkolya (Ramush, 78), Kvarasxeliya.

Ogohlantirishlar: Hauregisar 27, Berenguer 48, Gomes 90+3 — Zair-Emeri 30

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?