Rasman “Man Siti” klubi Abduqodir Husanov transferini eʼlon qildi. Futbolchi “Lans”ga xayrlashuv maktubini qoldirdi

23:29 20 Yanvar 2025 Sport
533 0

Hamyurtimiz Abduqodir Husanov rasman “Manchester Siti” futbolchisiga aylandi. Tanishtiruv videosi klubning rasmiy sahifasida paydo boʻlgan.

Shuningdek, “shaharliklar” klubi rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari ushbu transferini tasdiqladi.

Transfer qiymati bonuslar bilan birga 50 million yevroni tashkil qiladi. Shartnoma yana bir yil uzaytirish imkoniyati bilan 2029-yilga qadar imzolangan. 20 yoshli himoyachimiz yangi klubi safida 45-raqamda toʻp suradi.

Taxminlarga koʻra, Husanovning “Manchester Siti” tarkibidagi ilk rasmiy tanishtiruv taqdimoti 25-yanvar kuniga toʻgʻri kelishi mumkin. Ushbu kunda Manchester klubi APL doirasidagi “Chelsi”ga qarshi bahs olib boradi.

Qayd etish lozimki, “Manchester Siti” Husanov uchun kurashda yana bir ingliz klubi “Nyukasl”, Fransiya chempioni “PSJ” kabi yirik klublarni ortda qoldirdi.

Shuningdek, Abduqodir oʻz “Instagram” sahifasida sobiq klubiga xayrlashuv maktubini qoldirdi.

«Aziz doʻstlar,

Yuragimda alohida oʻrin tutgan va Yevropadagi ilk katta sarguzashtim boʻlgan “Lans” jamoasi bilan xayrlashish vaqti keldi.

Fransiya va Lans shahriga samimiy qabul uchun katta rahmat! Fransiya menga eshiklarini ochdi, fransuzlar menga mehribon edi. Buning uchun sizlarga rahmat. Fransiya – imkoniyatlar mamlakati, menga fransuz madaniyati, fransuz tili va, albatta, fransuz futboli juda yoqdi.

Oʻtgan bir yarim yil davomida meni qoʻllab-quvvatlagan barchaga chuqur minnatdorlik bildiraman. Uill Still boshchiligidagi hozirgi va Frenk Ez boshchiligidagi oldingi murabbiylar shtabiga ishonch va rivojlanishimdagi hissalari uchun katta rahmat.

Jamoadoshlarimga tashakkur. Birinchi kundanoq mehr bilan qarshi olib, moslashishga yordam berdingiz. Sizlar tufayli maydonda ham, maydon tashqarisida ham oʻzimni uydagidek his qildim.

Stadion va mashgʻulot bazasidagi xodimlarga, ishchilarga ham rahmat. Va, albatta, “Lans”ning ajoyib muxlislariga katta rahmat. Siz jamoangiz uchun hamma narsaga tayyor boʻlgan haqiqiy armiyasiz. Bizni olgʻa yetakladingiz, soʻnggi nafasimizgacha tinmay qoʻllab-quvvatladingiz.

Faoliyatimda meni yangi sinov kutib turibdi, lekin bu yerda boshdan kechirganlarimni hech qachon unutmayman. “Lans” doimo yuragimda qoladi va mening bir qismim hamisha Sang et Or (“qon-oltin” – “Lans”ning laqabi – tahr.) boʻlib qoladi.

“Lans”ning bir boʻlagi boʻlganimdan faxrlanaman!», degan oʻz maktubida futbolchi.

Maʼlumot uchun, Abduqodir Husanov transfer qiymati borasida oʻzbek futbolchilari rekordini yangiladi hamda Angliya Premyer-ligasida toʻp suradigan ilk oʻzbek futbolchisiga aylandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер