Raqamli valyutalar davri: pulning har bir “qadami” nazorat ostida

14:42 27 Fevral 2026 Iqtisodiyot
799 0

Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, odamlar doimo almashuv vositalarini takomillashtirishga, oʻzaro ishonchning aniq va barqaror shaklini topishga intilib kelgan. Dastlab savdo-sotiq oddiy ayirboshlashdan boshlangan: bir qop bugʻdoy bir bosh qoʻyga, hunarmandning mehnati dehqonning hosiliga almashtirilardi. Vaqt oʻtishi bilan bunday ayirboshlash usulining oʻrnini bosuvchi umumiy va hamma uchun maqbul oʻlchov zarur bo'ldi.

Shu tariqa oltin va kumush tangalar muomalaga kirdi. Ular nafaqat toʻlov vositasi, balki boylik, qudrat va milliy gʻurur ramziga aylandi. Keyinchalik qogʻoz pullar va banknotlar paydo boʻlib, savdoni yanada qulaylashtirdi. Bugungi kunga kelib plastik kartalar va mobil ilovalar orqali “koʻrinmas” pullar bilan hisob-kitob qilamiz. Ammo taraqqiyot bu bilan toʻxtamayapti. Insoniyat endilikda yana bir yangi bosqich — raqamli valyutalar davriga qadam qoʻymoqda.

Raqamli valyuta — pulning har bir “qadami”ni koʻrib turish imkoniyati

Markaziy bankning raqamli valyutasi — bu davlat rasmiy pul birligining elektron shakli boʻlib, u bevosita mamlakat Markaziy banki tomonidan chiqariladi va kafolatlanadi. Raqamli valyuta kriptovalyutalar kabi xususiy yoki nazoratsiz emas, balki davlatning bevosita majburiyati hisoblangan raqamli aktivdir. Agar plastik kartadagi pulingiz tijorat bankining hisobidagi mablagʻ boʻlsa, raqamli valyuta — bu markaziy bankning oʻzi sizga bergan va har qanday vaziyatda qiymati saqlanib qoladigan raqamli kupyuradir. Bu tizim nafaqat toʻlovlarni soniyalar ichida amalga oshirish, balki iqtisodiyotdagi har bir tiyinning harakatini shaffof koʻrib turish imkonini beradi.

Bugungi kunda koʻpchilik raqamli valyutani Bitcoin yoki boshqa kriptovalyutalardan farq qilmaydi deb oʻylaydi, ammo bu tushuncha tubdan yanglishdir. Kriptovalyutalar — bu hech qanday davlatga boʻysunmaydigan, markazlashmagan va koʻpincha qiymati keskin oʻzgarib turadigan aktivlardir. Ularning ortida na oltin zaxirasi, na biror mamlakatning iqtisodiy qudrati turadi; ular shunchaki matematik kod va odamlarning ishonchiga tayanadi. Davlatlar esa aynan mana shu nazoratsizlikdan xavotirda. Agar xalq oʻz jamgʻarmalarini nazorat qilib boʻlmaydigan raqamli hamyonlarga oʻtkaza boshlasa, milliy valyuta qadrsizlanadi, Markaziy banklar esa iqtisodiyotni boshqarish richagidan ayrilib qoladi. Aynan mana shu “kripto-tahdid”ga javob tariqasida raqamli davlat pullari — Markaziy bankning raqamli valyutasi dunyoga kelgan.

Markaziy bankning raqamli valyutasi va kriptovalyuta oʻrtasidagi tub farq — bu ishonch va nazorat nuqtasi hisoblanadi. Bitcoin tizimida siz anonim qolishingiz mumkin, ammo tranzaksiyalar juda sekin va qimmatga tushishi mumkin. Raqamli valyutalarda esa tranzaksiyalar lahzalarda amalga oshadi, chunki ularni davlatning oʻzi tasdiqlaydi. 2026-yilga kelib, koʻplab davlatlar xususiy kriptovalyutalarni cheklab, oʻzining raqamli pullarini muomalaga kiritishga urinayotgani bejiz emas. Davlatlar oʻz fuqarolariga qulaylik va xavfsizlikni vaʼda qilmoqda, biroq buning evaziga moliya tizimidagi har bir harakatni oʻz nazoratiga olmoqda. Shunday qilib, kriptovalyutalar “erkinlik va anonimlik” ramzi boʻlsa, Markaziy bankning raqamli valyutasi — bu “tartib va shaffoflik” qurolidir.

“Naqd pulsiz jamiyat” sari

Hozirgi kunda dunyo boʻylab naqd pulning oʻrni shunchalik tez qisqarib boryaptiki, baʼzi davlatlar allaqachon raqamli iqtisodiyotning amaliy shakliga oʻtib ulgurdi. Bu borada eng yorqin misol — Shvetsiya va Xitoydir. Shvetsiyada “e-Krona” loyihasi shunchaki tajriba emas, balki hayotiy zaruriyatga aylandi. Bugun bu mamlakatda koʻplab doʻkonlar, kafelar va hatto cherkovlar naqd pul qabul qilishni toʻxtatgan. Shvedlar uchun raqamli pul — bu qogʻozning oʻrnini bosuvchi qulaylik, bank tizimining ishonchli asosi va xalqaro hisob-kitoblarda birinchi boʻlish imkoniyatidir. Mamlakat boʻylab deyarli 98 foiz tranzaksiyalarni elektron tarzda amalga oshiradi.

Xitoy esa bu poygada butunlay boshqacha va ulkanroq strategiyani qoʻllamoqda. “e-CNY” (raqamli yuan) loyihasi orqali Xitoy hukumati dunyodagi eng katta raqamli iqtisodiyotni barpo etmoqda. 2026-yilga kelib, raqamli yuan millionlab insonlarning smartfonlariga kirib bordi. Bu tizim orqali davlat nafaqat dollarga boʻlgan qaramlikni kamaytirmoqda, balki har bir yuanning qayerda va nima uchun sarflanayotganini real vaqt rejimida nazorat qilyapti. Nigeriya kabi rivojlanayotgan davlatlarda ham “e-Naira” orqali bank xizmatlaridan foydalana olmaydigan aholini umumiy moliya tizimiga jalb qilish choralari koʻrilmoqda. Bu tajribalar shuni koʻrsatadiki, dunyo naqd pulsiz jamiyat sari ketmoqda va bu jarayon nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki jamiyat ustidan nazoratning yangi, raqamli bosqichini boshlab beradi.

Raqamli valyutaning imkoniyat va xatarlari haqida

Markaziy bankning raqamli valyutasi tizimining joriy etilishi jamiyat uchun qulaylik yaratish bilan bir qatorda, xavotirlarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Uning ijobiy tomoni shundaki, pul oʻtkazmalari bir soniyalarda va deyarli tekinga amalga oshadi. Eng qiziqarli jihati — “dasturlanadigan pullar” tushunchasidir. Masalan, davlat talabalarga kontrakt yoki kitob sotib olish uchun subsidiya ajratsa, u pullarni dastur doirasida faqat kitob doʻkonlari yoki universitet hisobiga oʻtadigan qilib sozlab qoʻyish mumkin. Bu korrupsiya va mablagʻlarni maqsadsiz sarflashni ildizi bilan quritadigan texnologiyadir. Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyot va jinoiy daromadlarni yuvish imkoniyati nolga tushiradi, chunki har bir raqamli pulning oʻz “pasporti” va bosib oʻtgan yoʻli boʻladi.

Biroq bu shaffoflikning ortida shaxsiy daxlsizlikning yoʻqolishi kabi jiddiy xatar yashiringan boʻlishi mumkin. Naqd pul bilan xarid qilgan mahsulotingiz haqida faqat siz va sotuvchi biladi, raqamli valyuta tizimida esa Markaziy bank ham sizning har bir moliyaviy qaroringizdan boxabar boʻlishi mumkin. Shuningdek, barcha pullarning yagona raqamli tizimga oʻtishi kiberhujumlarga boʻlgan zaiflikni oshiradi. Jumladan, bankning markaziy serveri ishdan chiqsa, yoʻqotish koʻlami ham juda katta boʻlishi mumkin.

Eʼzozbek Hamidov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер