“Raqamli bojxona” qanday boʻlishi kerak?

18:48 13 Oktyabr 2021 Iqtisodiyot
330 0

Davlat bojxona qoʻmitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar va blogerlar uchun “Yangilanayotgan bojxona: “Sirgʻali” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklar” mavzuida press-tur tashkil qilindi.

Tadbirda bir guruh jurnalistlar poytaxtimizning Sergeli tumanidagi “Sirgʻali” bojxona posti va bir qator eksportyor korxonalarda boʻlishdi. Dastlab jurnalistlarga “Raqamli Oʻzbekiston bojxonasi” koʻrgazmali taqdimoti va sohadagi islohotlarga bagʻishlangan maxsus videorolik namoyish etildi.

Soʻnggi 5 yilda davlat bojxona xizmati organlari faoliyati ham tubdan yangilandi. Eng avvalo, tizimga “Raqamli bojxona” tamoyilining keng joriy qilinayotganligi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining ham vaqtini, ham xarajatlarini tejashga xizmat qilmoqda.

Keng miqyosda joriy qilinayotgan “Xavflarni boshqarish”, “Yagona darcha” kabi bojxona axborot tizimlari va elektron xizmatlar koʻmagida bojxona nazorati va rasmiylashtiruviga sarflanayotgan vaqt tobora qisqarmoqda.

Ahamiyat bering, bojxona nazoratida ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etilishi natijasida bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqti eksportda 1,7 barobar, importda esa 1,4 barobar qisqartirildi. Shu bilan birga, 76 foiz BYUDlar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan, bu koʻrsatkich eksportda 84 foizni va importda 74 foizni tashkil etadi.

Biroq, tahlillar ilgʻor raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish mumkinligini koʻrsatmoqda. Prezidentimizning tegishli Farmoniga muvofiq 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab bojxona nazoratini olib borishda “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Press-turda jurnalistlar “Sirgʻali” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti tarixi, u yerdagi bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini soddalashtirish, bojxona nazoratining shakl va usullarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi.

“Sirgʻali” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida 2021-yilning 9 oyi davomida 36 379 ta bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilib, ular boʻyicha 2 trln. 336 mlrd. soʻmlik bojxona toʻlovlari davlat byudjetiga oʻtkazilgan. Mazkur post orqali tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan salkam 344,4 mln. AQSH dollaridan ziyod mahsulotlar xorijga eksport qilingan.

Bojxona postida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, noqonuniy tovar-moddiy boyliklarning yurtimiz hududiga kirib kelishini oldini olishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan, oʻtgan davrda 227 ta holatda 1 mlrd. 948 mln. soʻmdan ortiq tovarlarning noqonuniy kirib kelishini oldi olingan. Ular boʻyicha 8,1 mlrd soʻmdan ziyod qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblanib, davlat byudjetiga undirilishi taʼminlangan.

Ishtirokchilar, shuningdek, Sirgʻali tumanida joylashgan “Aysel Energy” qoʻshma korxonasi boʻlib, uning ish faoliyati bilan tanishdi.

Rahim ShERQULOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?