«Ralli Moʻynoq – 2024» musobaqasi gʻoliblari aniqlandi

01:25 28 May 2024 Sport
609 0

Foto: «Xalq soʻzi»

Gʻayrat OTAJONOV/«Xalq soʻzi». Qoraqalpogʻiston Respublikasida «Ralli Moʻynoq – 2024» xalqaro ekstremal avtopoyga musobaqasi oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistondan 150 nafarga sportchi ishtirok etdi.

Musobaqada ishtirokchilar Moʻynoq tumanidagi Ustyurt tekisligi va Orol dengizining qurigan tubi boʻylab 450 kilometr masofaga bellashdi. Poygalar dvigatel hajmi 1600 sm3gacha «A-8», dvigatel hajmi 2000 sm3gacha «A-9» sinflaridagi, shuningdek, dvigatel hajmi 2000 sm3gacha «Baggi» avtomobillari hamda dvigatel hajmi 125 sm3gacha va 500 sm3gacha mototsikllarda oʻrtasida oʻtkazildi.

Yakunda dvigatel hajmi 125 sm3gacha mototsikllar poygasida Saturyan Bogdan (Navoiy), dvigatel hajmi 500 sm3gacha boʻlgan mototsikllar poygasida Jasurbek Samatov (Buxoro)lar birinchi oʻrinni egalladi. «Baggi» sinfi boʻyicha Ravshan Qobilov (Toshkent shahri) marraga birinchi boʻlib yetib keldi. Ushbu yoʻnalishlar gʻoliblari 15 million soʻm mukofoti bilan taqdirlandi

Dvigatel hajmi 1600 sm3gacha avtomobillar poygasida Fikrat Axtamov va Firuz Jumayev (Samarqand) dueti birinchi oʻrinni egallab, 100 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi. Dvigatel hajmi 2000 sm3gacha boʻlgan transport vositalari poygasida Farrux Urgunov va Otamurod Sobitov (Toshkent shahri) barcha raqiblarini ortda qoldirib, gʻoliblikka erishdi hamda 100 million soʻm pul mukofotiga ega chiqdi.

Musobaqa gʻoliblarini taqdirlash marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Qoʻmita raisi T. Romanov soʻzga chiqib, avtopoygada faol ishtirok qilgan barcha sportchilarga minnatdorlik bildirdi hamda bu kabi tadbirlarning Orolboʻyiga mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb qilishda ahamiyati katta ekanini qayd etdi.

Musobaqani tashkil etishdan asosiy maqsad mintaqada turizmni rivojlantirish va sayyohlar oqimini koʻpaytirishdir, deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Turizm boshqarmasi matbuot kotibi Elshad Valiyev. «Ralli Moʻynoq» ekstremal avtopoygasi doirasidagi tadbirlar birinchi marta 4 kun davom etdi. Bu Qoraqalpogʻistonga, shu jumladan, Moʻynoqqa sayyohlarni koʻproq kun boʻlishini taʼminlashga qaratilgan. Poyga kunlari koʻngilochar tadbirlar, xususan, yoshlar orasida taniqli boʻlgan «ARVII», «Just Kama», «SULTVN», «VAGAN» kabi dijeyler ishtirokida konsert dasturlari oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi «Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»ga Farmoni bilan tasdiqlangan «2019 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi»da mahalliy va xorijiy avto va moto-sport federatsiyalari ishtirokida Ustyurt yassiligidagi ekstremal marshruti boʻylab avtoralli tashkil qilish belgilangan. Shunga asosan dastlab «Ralli Moʻynoq — 2019» oʻtkazilgan boʻlgandi. Bu yil ushbu musobaqa 5 bor tashkil etildi.

Musobaqa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi bilan hamkorligida tashkil etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?