Raddiyaga raddiya. Poytaxt hokimligi va Bosh prokuratura axborot haqqoniyligi yuzasidan “jang” boshladi

Bosh prokuratura kecha, 3-fevral kuni, Toshkent shahri Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi fuqarolar nomiga 635 mln soʻm kredit rasmiylashtirilishiga erishib, ushbu pullarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgani haqida xabar berdi.
Keltirilishicha, hokim yordamchisi 20 nafar fuqaroga elektron tarzda bergan tavsiyanomalariga asosan qabul qilib olgan elektron kalitlaridan foydalanib, jami 427,7 mln soʻmlik kredit mablagʻlarini qoʻlga kiritib, oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
U shuningdek, oʻzining qarindoshlari va boshqa 5 nafar fuqaroga mahalla hududida yashamagan boʻlsada, qalbaki tavsiyanomalar orqali jami 207,7 mln soʻm miqdorida ajratilgan mablagʻlarni ham oʻzlashtirib yuborgan.
Bosh prokuraturaga koʻra, ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Biroq oradan bir kun oʻtib, bugun, 4-fevral kuni Toshkent shahar hokimligi poytaxtda bunday tavsifga mos keladigan mansabdor shaxs yoʻqligini iddao qilib, Bosh prokuratura xabariga raddiya berdi.
Unga koʻra, Shayxontohur tumani mahallalaridan birida hokim yordamchisi boʻlib faoliyat yuritgan M.F. 2024-yil noyabr oyining 29 sanasida oʻz arizasiga koʻra lavozimidan ozod etilgan.
“Ommaviy axborot vositalaridan axborotni eʼlon qilishda ishonchlilik, xolislik va masʼuliyat tamoyillariga amal qilishlarini yana bir bor soʻrab qolamiz”, deya alohida taʼkidlangan poytaxt hokimligining rasmiy munosabatida.
Yolgʻon axborot tarqatganlikda ayblanayotgan Bosh prokuratura matbuot xizmati ham sal oʻtib, yuqorida nomi keltirilgan ikki hokimlik raddiyasi yuzasidan raddiya eʼlon qildi.
Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi tomonidan sodir etilgan jinoyat boʻyicha ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilikni chalgʻitishga qaratilgan xabarlar va bayonotlar eʼlon qilinmoqda, deya boshlanadi Bosh prokuratura munosabati.
Axborot davomida keltirilishicha, M.F. 2022-yilning 7-oktyabr kunidan 2024-yilning 29-noyabr kuniga qadar Shayxontohur tumani “Kamolon Darvoza” mahalla fuqarolar yigʻinining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritib, tuman hokimining 2024-yil 14-dekabrdagi tegishli qarori bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.
Taʼkidlanishicha, M.F. aynan hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan davrida yuqorida qayd etilgan iqtisodiy jinoyatga qoʻl urgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Kartoshka narxi qachon pasayishi maʼlum boʻldi
- “Hamza Hasanovdan Gʻaybulla Tursunovgacha”: “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” mukofoti gʻoliblari aniqlandi
- Kelgusi hafta uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
- “Bilmak Navoiyni — zoʻr maʼrifat nishoni...”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring