Rabotak mahallasida 4 milliard 700 million so‘m mablag‘ evaziga yer osti o‘tish yo‘li barpo etildi

14:02 29 Aprel 2023 Jamiyat
1307 0

Foto: “Xalq so‘zi”

  Buxoro tumanidagi “Rabotak” mahalla fuqarolar yig‘inida oz emas, ko‘p emas, 6,6 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Mahallaning qoq o‘rtasidan M-37 Samarqand-Buxoro – Turkmanboshi avtomobil yo‘li o‘tgan. Uning 262- kilometrida zamonaviy yer osti o‘tish yo‘li barpo etilib foydalanishga topshirildi. Inshoot aholi murojaatlari asosida mahalla fuqarolar yig‘inining fidoyi yoshlar yetakchisi Zarina Tohirova tashabbusi bilan qurildi.

  “Buxoro yo‘llardan muntazam foydalanish” unitar korxonasi quruvchilari tomonidan 4 milliard 700 million so‘m miqdoridagi mablag‘ evaziga barpo etilgan mazkur inshoot zamonaviy talablarga javob berishi, o‘ziga xos dizayni bilan e’tiborni tortadi. Eng muhimi, u piyodalar uchun qulay va xavfsizdir. Negaki, ushbu manzildan chamasi 1,5-2 kilometr yurilsa Buxoro shahriga kiriladi. Magistral yo‘l esa odatda, avtomashinalar bilan tirband. O‘nlab namunaviy uy – joylar qad rostlagan, shaharcha qiyofasini olgan Rabotakning o‘zida 3 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.Aholining 175 nafari maktab yoshidagi o‘g‘il – qizlardir. Bu raqamni bejiz tilga olmayapmiz.Shu bolalar magistral yo‘lning narigi tomonida joylashgan 16 – umumta’lim maktabida saboq olishadi. Aholining bir qismi u yoki bu yumush sabab tuman markazi Galaosiyo, shuningdek, Romitan, Vobkent, Shofirkon, Gʻijduvon tomonlarga borib keladi.

-Shu kunga qadar ota – onalarning ko‘pchiligi magistral yo‘lning serqatnovligi sabab farzandidan xavotir olib turardi,- deydi shu mahallada yashovchi 78 yoshli otaxon Jo‘raxon Sobirov.

- O‘zimiz ham shu tirband yo‘ldan ming bir hadik bilan o‘tardik. Tashvishimiz yengillashdi. Men viloyatimizning turli tashkilotlarida uzoq yillar ishlaganman. Bir muddat mahalla oqsoqoli ham bo‘lganman.Inson qadri-u qimmati ulug‘lanayotgan shu kunlarga yetkazganiga ming karra shukr.

 Zamonaviy yer osti o‘tish yo‘lini foydalanishga topshirish munosabati bilan bayramona tadbir o‘tkazildi.Marosimda viloyat hokimi B. Zaripov ishtirok etdi.

 

 

Istam IBROHIMOV, (Xalq so‘zi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер