Quva tumanida “qarzdorlik epidemiyasi” avj olmoqdami?

00:27 16 Yanvar 2021 Jamiyat
1073 0

2020-yilning 1-dekabr holatiga Fargʻona viloyatida aholining elektr energiyasidan boʻlgan qarzi (2020-yilning 1-avgustiga nisbatan) 32 mlrd. soʻmdan ziyodga koʻpaydi. Quva va Bagʻdod tumanida qarzdorlik 5 mlrd. soʻmdan ortib ketdi. Bu ikki tumanda qarzdorlik korxona-tashkilotlar emas, asosan aholi hissasiga toʻgʻri kelayotgani achinarlidir.

2020-yilning 1-avgust holatiga Quva tumanida elektr energiyasidan boʻlgan umumiy qarzdorlik 11 mlrd 99 mln. soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 1-dekabrga kelib qarzdorlik 16,5 mlrd. soʻmdan oshdi. Keyingi uch oyda quvaliklarning elektr energiyasidan boʻlgan qarzi 5 mlrd. 400 mln.ga koʻpayib – salkam 14 mlrd. soʻmga yetdi.

— Bu tuman hududi toʻliq “Quva-110” tarmogʻi orqali elektr energiyasi bilan taʼminlanadi, — deydi «Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari” AJning Quva tuman elektr taʼminoti korxonasi rahbari Oybek Akbarov. — Shu tarmoq oʻchsa, butun tuman elektr energiyasisiz qoladi. Shifoxonalar, harbiy qismlar, tadbirkorlik subyektlarida birdek chiroq oʻchadi...

Korxona rahbari qish mavsumida telefon qoʻngʻiroqlariga javob berish, koʻcha-kuyda yurish yoki turli tadbirlarga borishga ham yuragi bezillab qolganini taʼkidlaydi. Ammo isteʼmolchilar orasida shunchaki sevimli turk seriali yoki Yevropa futbolini vaqtida koʻra olmay qolayotgani uchun shikoyat qilib keladiganlari ham yoʻq emas.

Bugungi kunda Quva tumanida 50 mingdan ortiq xonadonda 260 ming nafarga yaqin aholi yashaydi. Korxonada esa aholidan toʻlovlarni yigʻish uchun atigi 10 nafarga yaqin xodim bor. Tigʻiz mavsumda mutaxassis yetishmasligi sababli montyorlarni ham mablagʻ yigʻishga jalb etib, tizimda uchraydigan turli kutilmagan falokatlarni bartaraf etishga ulgura olmaslik holatlari ham koʻp uchraydi.

Toʻgʻri, kuz-qish mavsumi uchun tumanda 5 ta avariya brigadalari tashkil etilib, ularga 4 ta transport biriktirildi. Brigada aʼzolari tumanning eng chekka hududiga oʻrtacha 25-30 daqiqada yetib boradi. 2020-yilgi dasturga koʻra tumanda 13 ta oʻrniga 19 ta transformator olib kelib oʻrnatildi. 57 ta transformator qishga toʻliq taʼmirlandi. 48 kilometrga yangi tarmoqlar tortildi. Ammo bu harakatlar hozircha umumiy holatni ijobiy tomonga oʻzgartirish uchun yetarli emas. Chunki bugun tumanda 634 ta transformator mavjud.

Korxona mutaxassislari aholidan toʻlovlarni oʻz vaqtida yigʻib olish uchun yana 10 nafar hududiy inspektorlarga ehtiyoj borligini taʼkidlashdi. Keyingi yillarda sohaga yoshlarni jalb etish imkoni boʻlmayapti. Chunki bu tizimda ishlash uchun, eng avvalo, ixtisoslashuv, bilim va malaka zarur. Ayni paytda korxonada 88 ta shtat mavjud. Ammo yosh va bilimli mutaxassislarga katta ehtiyoj bor.

Korxona rahbarining qayd etishicha, aholining debitor qarzdorligini yoʻqotish uchun birinchi navbatda xonadonlarga oʻrnatilgan elektr sarfi hisoblagichini toʻliq zamonaviysiga almashtirish kerak. Aholi xonadonlariga Toshkentda ishlab chiqarilayotgan yangi elektr hisoblagichlar oʻrnatishni 2021-yilning 1-iyun sanasiga toʻliq yakunlash rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar esa tumanda bor-yoʻgʻi 13 ming xonadonga yangi elektr hisoblagichlar oʻrnatilib, uning 6 mingtasi ishga tushirildi. Vaholanki, tumanda shunday hisoblagichlar oʻrnatilishi kerak boʻlgan 50 mingdan ortiq xonadon bor. Bu ishlarni belgilangan muddatda toʻliq bajarish uchun yangi tizim asosida ishlovchi elektr hisoblagichlar oʻz vaqtida yetkazib berilmayapti.

Elektr taʼminoti tizimidagi muammolar barchamizga yaxshi maʼlum. Tizimdagi eski va eskirgan ish uslubi bilan esa yillar davomida yigʻilib kelayotgan muammolarni hal etish imkoni yoʻq. Eng avvalo, xodimlar dunyoqarashini oʻzgartirish, tizimni zamonaviy mezonlar asosida isloh etish zarur.

Ana shunda bugungidek jabrdiyda ham, aybdor ham isteʼmolchi boʻlib qolmaydi. Yana qaydam...

Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер