“Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunning Qashqadaryo viloyatida ijrosi oʻrganildi

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Qutbiddin Burxonov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida xizmat safarida boʻlib, “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida”gi Qonun ijrosi yuzasidan ishlarni oʻrgandi.
Ishchi guruh aʼzolari tomonidan “Qarshi neft baza” MCHJda qutqaruv xizmatlarining shayligi holati oʻrganildi. Obyekt hududida shartli yongʻin holati tashkil etilgan holda “YIGʻIN” signali asosida amaliy oʻquv mashqi oʻtkazildi. Unda yongʻinni bartaraf etish rejasi, navbatchi dispetcherning harakatlari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi kuchlari yetib kelgunga qadar shtab ishini tashkil etish, xodimlarni evakuatsiya qilish ishlari oʻrganildi. Mashgʻulot davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarga tegishli tavsiyalar berildi.
Shundan soʻng ishchi guruh aʼzolari “Uzbekistan GTL” MCHJ hamda “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda boʻlib, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning oqibatlarini bartaraf etish hamda sanoat xavfsizligini taʼminlash borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishdi.
“Uzbekistan GTL” MCHJda ishchi guruh aʼzolari korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, xavfsizlik tizimi va joriy etilgan nazorat mexanizmlarini koʻzdan kechirdi. Shuningdek, oʻtkazilgan taktik oʻquv-mashgʻulotlar jarayoni kuzatilib, yongʻin va avariya holatlarida harakatlanish tartibi, tezkor munosabat bildirish, masʼul xizmatlar oʻrtasida hamkorlikda ish yuritish boʻyicha amaliyotlar tahlil qilindi.
Shuningdek, ishchi guruh “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda ham boʻlib, majmuaning ishlab chiqarish salohiyati, xavfsizlik infratuzilmasi, raqamlashtirish jarayonlari va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari bilan tanishdi. Taqdimot davomida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, zamonaviy laboratoriya faoliyati, sanoat xavfsizligini taʼminlash hamda kiberxavfsizlikni kuchaytirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan maʼlumot berildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi 3 ta muhim obyektning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik holatini koʻzdan kechirdi. Xususan, Miraki shaharchasidagi “Miraki” turizm maskanida barpo etilgan “Miraki dor yoʻli”ning texnik mustahkamligi va aholi xavfsizligi yuzasidan oʻrganish olib borildi.
Ishchi guruh “Hisorak” suv ombori va “Hisorak” kichik GES inshootlarining fuqaro muhofazasi tuzilmalari, texnik imkoniyatlari hamda favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tizimi bilan ham tanishdi.
Oʻrganishlar yakunlari boʻyicha Qashqadaryo viloyatida Qonun ijrosini taʼminlash, xavfsizlik tizimini yanada mustahkamlash va qutqaruv xizmatlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha aniq tavsiya va takliflar berildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring