Qutlugʻ qadamning hayotbaxsh ziyosi

Gʻayrat OTAJONOV, Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist (“Xalq soʻzi”).
Nukus shahrida yashovchi Azat ogʻa Niyetullayev ikki kun oldin qoʻngʻiroq qilib qoldi. Salom-alikdan soʻng maqsadini aytdi:
– Qosshim, (qoraqalpoq tilida yoshi katta kishilar oʻzidan kichiklarga muloqotda qoʻllaydi) xabaring bor, gazetalarni mahalla idorasida oʻqirdim. Mahalla keyingi 6 oyga obuna boʻlmagan ekan. Oʻzing oʻqib boradigan gazetalardan menga ham keltirib tursang, yangiliklardan bexabar qolmay deyman-da, bolam! Bilasan, bugun dunyo terak uchidagi qush uyasiday qalqib turibdi. Yaqin Sharqdagi qon toʻkilishlar, Isroil, Eron, Falastinda roʻy berayotgan voqealarga befarq boʻla olmayman. Ularni oʻqib, gohida koʻzimga yosh keladi. U yurtlardagi sargardonlik, ochlik, tanqislik, judoliklar haqida oʻqib, yurtimizdagi tinchlikka koʻz tegmasin deyman. Qoʻlimni duoga ochib Yurtboshimizning boshi omon boʻlsin, elimizdagi farovon hayot, toʻkinlik, bagʻrikenglik va osoyishtalik bardavom boʻlsin deyman, oʻgʻlim! Bu bilan cheklanib qolmayman, yoshlar oʻrtasida tinchlikning qadriga yetish, ilm olish, kasb oʻrganishni targʻib qilaman. Axir bu biz, keksalarning vazifasi-ku!
Azat ogʻa yoshi ulugʻ boʻlsa-da, imkon qadar barcha gazetani qoldirmay oʻqib borishga odatlangan. Biror kun gazeta oʻqimasa, nimanidir yoʻqotgandek yuradi. Oʻzi keksa pedagog, koʻp yil oʻqituvchi boʻlib ishlagan. U kishi bilan 23 yil oldin tanishganman va gazetada yoritiladigan mavzular haqida koʻp gurunglashamiz. Hozirgi kunda ham telekanallarda axborot dasturlarini kuzata turib yoki matbuotda oʻqiyotib biron noaniqlikni sezsa, darhol telefon qilib, savollarga koʻmib tashlaydi.

Ishdan soʻng gazetaning oxirgi sonlarini olib, Azat ogʻaning uyiga yoʻl oldim. Yoʻlakda qurilish materiallariga koʻzim tushdi. Uyidan chiqib kelayotgan ogʻa eshigi oldidagi oʻrindiqqa ishora qildi.
– Oʻrindiqlar yangilanibdi, koʻcha obod va koʻrkam boʻlibdi, ifor taratib turgan gullarni aytmaysizmi, daraxtlar oʻzgacha ziynat bagʻishlab turibdi, – dedim. – Duodan soʻng, oʻzi ham atrofga mehr bilan nazar tashladi. Keyin gazetalarni varaqlashga tushdi va menga minnatdorlik bildirdi.
– Ha, shunday chiroyli koʻchalarni koʻrib, keksaligim yodimdan chiqib ketadi, muxbir bolam, – dedi jilmayib. – Endi shunga yarasha biz ham uyimizni zamonaviy usulda taʼmirlashga kirishdik. – Keyin u darhol mavzuini oʻzgartirdi. Menga maʼnoli qarab, baʼzi fikrlarini ayta boshladi.
– Bilasan, televizordagi xabarlarni muntazam kuzatib boraman, gazeta – kundalik hamrohim. Lekin men Qoraqalpogʻistonda, Nukusda ishlab chiqarish bu darajada rivojlanganidan bexabar qolibman shekilli. Yaqin yillargacha katta yoʻlning narigi tomoni yulgʻun oʻsib, shoʻr bosib yotardi, hozir obod manzilga aylanibdi. Qurilish mollari bozori qurilganini eshitgandim, lekin uning kengligi, mahsulotlarning turlari meni hayratga soldi. Oʻtgan kun oʻgʻlimga uyni taʼmirlash haqida aytganim yodimga tushib, qurilish materiallari narx-navosini bilay-chi, deb bozorga tushdim.
Buni qara, sotuvchilar ularni mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ishlab chiqarilgani bilan birga Qoraqalpogʻistonda ishlab chiqarilganini ham koʻrsatib oʻtyapti. Sementni soʻradim, oʻzimizda ishlab chiqariladigan ikki turi bor ekan. “Shpaklyovka”, suvoq ishlari uchun burchaklar, qurilish toʻrlari, universal qurilish aralashmalari, issiqlik izolyatsiyalash materiallari, “penoplast”, boʻyoq materiallari va qoplamalari, xullas, uyimiz taʼmiri uchun zarur boʻlgan barcha materiallar oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan ekan. Zamonaviy energiya tejamkor kotyollar, oyna va eshiklar ham Nukusdagi korxonalarda tayyorlanganini eshitib, hayratim oshdi.
Bolam, eʼtirozim shu maʼnodaki, jurnalistlar bunday yangiliklarning barchasini ham yoritib ulgurmayapti, nazarimda. Yoki men aytgan qurilish mollari ishlab chiqaradigan korxonalar ish boshlagani oddiy holga aylangandir...
Otaxon haq. Zukkoligiga qoyil qolish kerak. Yoshi ulugʻ boʻlsa-da, yoshlarday fikrlaydi, hamma narsaga fahmu zehni yetadi. U oʻz mulohazalari bilan biz, jurnalistlarga xuddi mahorat darsi oʻtayotgandek edi. Azat ogʻa aytganidek, hozir eng chekka tumanlarda ham har hafta yangi korxonalar ish boshlayotganini eshitaman. Yaqindagina Taxtakoʻpir tumanida bir korxonaning qurilishiga tamal toshi qoʻyilgani haqida xabar berilgandi. Kecha yana boshqa korxona ochilibdi.
Azat ogʻa aytganidek, barcha yangilikni keng yoritishga ulgurmayapmiz, nazarimda. Ammo buning boshqa bir sababi ham bor. Mamlakatimizda har bir hudud taraqqiyoti uchun alohida dasturlar ishlab chiqilgan. Oʻtgan yili Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti Toshkentda emas, Nukus shahrida oʻtkazildi. Oʻshanda davlatimiz rahbari Qoraqalpogʻistonga biznes uchun birorta hududda yoʻq imtiyozlar paketi berilganini taʼkidlagan edi. Jumladan, soʻnggi besh yilda alohida Farmon va qarorlar bilan 52 turdagi imtiyoz va yengilliklar berildi. Bundan tashqari, 50 milliard soʻmdan yuqori loyihalar uchun infratuzilma yaratib berishni ham davlat oʻz zimmasiga olgan.
– Koʻryapsanmi, mana nima uchun korxonalar kun sayin koʻpaymoqda. Bu Qoraqalpogʻistonda biznes qilish uchun yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlar, amalga oshirilgan izchil islohotlar mevasi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi, – deydi otaxon soʻzini davom ettirib. – Muxbir bolam, Qoraqalpogʻistonda katta-kichik rahbarlar shunday ishlashi kerak-da. Shunday ishlasa, oʻzgarish yuz beradi, xalq rozi boʻladi.
Mana, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi Amanbay Orinbayevni olaylik. U xalq orasida koʻp yuradi, deyarli har kuni tumanlarda boʻlib, davlat dasturlari doirasidagi belgilangan vazifalarni keng muhokama qilish bilan birga, tadbirkorlar bilan ham uchrashuvlar oʻtkazmoqda. Rasmiyatchilikdan xoli, maʼmuriy binolarda emas, korxonalarga borib, tadbirkor bilan ochiq muloqotlar qilinmoqda. Shunday boʻlgach, davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar xalqqa yetib boradi-da.
Yaqindagina Taxtakoʻpirda tadbirkorlar bilan uchrashgan boʻlsa, undan keyin janubiy tumanlarda, kuni kecha Xoʻjayli tumanida tadbirkorlar bilan muloqotlar oʻtkazildi.
Joʻqorgʻi Kenges Raisi birgina Xoʻjayli tumanidagi charm-poyabzal ishlab chiqaradigan “DOʻSTLAR SHOES XOʻJAYLI”, temirdan turli xil buyumlar tayyorlaydigan “INOSTAL”, qizilmiya ildizini qayta ishlovchi “EXIMCORP” korxonalari, “FARMS GAFUR GULOM” sutni qayta ishlash loyihalari hamda “LIDERTEKS GROUP” masʼuliyati cheklangan va “Urazimbetov Raxat” oilaviy korxonasi faoliyati bilan tanishib, tadbirkorlar bilan loyihalarni yanada kengaytirish yuzasidan muloqotlar qildi.
Bunday samimiy uchrashuvlardan koʻngil oʻsadi, yaxshi gʻoyalar tugʻiladi. Yaxshi gʻoya esa zoʻr sarmoya. Shuning uchun tadbirkorlikni rivojlantirishda va aholining turmush sharoitini yaxshilash yoʻlida xalq orasiga kirish, ularning dardini eshitish bugungi kun talabi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, tadbirkorning yutugʻi bu butun xalqimizning yutugʻidir.
Qishloqqa sanoat kirib bormoqda
– Rostini aytsam, Taxtakoʻpirdagi oʻzgarishlar meni juda quvontiradi, – deydi Azat ogʻa. – Haqiqatan ham bir paytlar faqat chorvachilikka ixtisoslashtirilgan Taxtakoʻpir tumanida bugun sanoat jadal rivojlanmoqda. Tumanda yangi-yangi korxonalar taʼsis etilayotgani zamirida davlatimizning beqiyos qoʻllab-quvvatlovi borligini aytish lozim. Mana birgina misol. Prezidentimizning 2023-yil 8-avgustdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida “Taxtakopir Gold Tekstil Mahsulotlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga umumiy qiymati 25,4 mln. AQSH dollari boʻlgan yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun 4,5 gektar yer maydoni ajratib berildi. Tadbirkorlar esa bunday imkoniyatni qoʻldan chiqarmaslikka harakat qilishmoqda.
Ushbu loyiha asosida chekka hududlarda ham toʻqimachilik va trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishning yangi quvvatlari ishga tushirildi. Korxona tomonidan yiliga 5 ming tonna kalava ip tayyorlanib, yiliga 11,1 mlrd. soʻmlik tayyor mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Korxona toʻliq ishga tushishi natijasida 257 ta yangi ish oʻrni ochiladi.
– Kuni kecha gazetada Taxtakoʻpirdagi Qora oy ovulida yangi tekstil korxonasi foydalanishga topshirilgani haqidagi xabarni oʻqib qoldim. Buni qara, uning mahsulotlari Rossiya va Qozogʻiston davlatlariga eksport qilina boshlabdi, qoyil-yey, – deydi otaxon hayratini yashira olmay. – Toʻgʻri, shu kungacha Moʻynoqda, Boʻzatovda amalga oshirilgan katta bunyodkorlik ishlarini faxr bilan aytib yurgandik. Yaqinda ota yurtim – Qoʻngʻirotga bir maʼrakaga borgandim, hammaning ogʻzida yurtimizdagi yangi oʻzgarishlar, yangilanishlar... Jumladan, Qoʻngʻirot tumani hududida xalqaro ahamiyatdagi “A380” Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beynov avtomobil yoʻlida sement-beton qoplamali yangi yoʻl barpo etilganidan tuman ahli minnatdor boʻlmoqda. Islohotlardan xalqimiz xursand.
Aytmoqchi, oʻsha maʼrakada Amudaryoga Qoʻngʻirot bilan Boʻzatov tumanini bogʻlovchi ponton koʻprik qurilib, foydalanishga topshirilganini eshitib, quvonchim oshdi. Oldinlari Qoʻngʻirotga bir kun borsak, Nukusga qaytib, boshqa kuni Boʻzatov va Kegeyliga yoʻlga chiqardik. Oʻsha kuni biryoʻla Qoʻngʻirotdan yangi koʻprik orqali Boʻzatovga oʻtib, daryoning oʻng sohilidagi yaqinlarimiz bilan ham diydorlashdik. Mana shu-da, xalqni rozi qilish yoʻlidagi amaliy ishlar. Bularning barchasini, yozib ulgurish, gazeta sahifalariga sigʻdirishning imkoniyatini topish kerak.
Darvoqe, gazetada boshqa viloyatlarda boʻlayotgan shu kabi yangilanishlarga oid turkum maqolalar berib borilayotgandi. Barchasini oʻqib boryapman, orada uzilish boʻlmasin deb keyingi sonlarini soʻrayotgandim. Agar imkoni boʻlsa, Qoraqalpogʻistonning janubiy tumanlaridagi yangilanishlarni hamda Nukus shahrida koʻz oʻngimizda yuz berayotgan oʻzgarishlarni yoritishni taklif etaman. Xalqni rozi qilish yoʻlidagi amaliy ishlar haqida koʻproq yozish kerak, muxbir bolam. Qoraqalpogʻistondagi oʻzgarish va yangilanishlar, odamlar kayfiyati, orzu-intilishlari gazetada koʻproq aks ettirilsa, nur ustiga nur boʻlardi...
Biz “faol” soʻzini koʻproq yoshlarga nisbatan ishlatamiz. 72 yoshga kirgan Azat ogʻani faol nuroniy, desak, adashmaymiz. Uning foydali taklif va mulohazalarini tinglab, Nukusning keyingi yillardagi oʻzgarishlari bir-bir koʻz oldimizdan oʻta boshladi.
Kundan-kun Nukus ham ochmoqda chiroy...
Yigirmanchi asr oxirida yirik sanoat, ilm-fan va madaniyat markazi, doʻstlik va birodarlik shahri nomini olgan Nukus bugun yanada betakror qiyofa kasb etib, koʻrkam va yashil shaharga aylanib bormoqda.
Nukus shahriga janub tomondan kiraverishda qurilgan yangi koʻprik avtomobil harakatini tartibga solish, tirbandliklarni bartaraf etish bilan birga, qadimiy kentning ramziy darvozasiga aylangan. Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beynov xalqaro avtomagistralining 652-kilometrida joylashgan ushbu koʻprik gʻarbu sharqni bir-biriga bogʻlovchi zamonaviy infratuzilma obyekti sanaladi.
Oʻzbekistonning eng asosiy madaniyat muassasalaridan biri, “Sahrodagi Luvr” nomi bilan mashhur boʻlgan muzey ham Nukus shahrida joylashgan. I. V. Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyi 1966-yilda tashkil topgan va 1984-yildan shu nom bilan ataladi.
Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida qoraqalpoq milliy “qora uy”i, yaʼni oʻtovi Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgani shahardagi bunyodkorliklarga yuksak baho berilganini anglatib turibdi.
Nukus shahrida yaqin yillarda yangidan barpo qilingan 16 qavatli zamonaviy turarjoylar, yangi imoratlar boʻy koʻrsatdi. Shuningdek, yaqinda shahar markazida zamonaviy majmua qurilishi boshlangani koʻpchilikning hayratini oshirmoqda. Ushbu loyiha doirasida 78 mln. dollar investitsiya mablagʻlari asosida zamonaviy 5 yulduzli mehmonxona va kongress-xoll majmuasi, 22 qavatli ikkita turarjoy, shuningdek, savdo majmuasi qurilishi belgilangan boʻlib, bugungi kunda bunyodkorlik ishlari davom etmoqda.
Odamlar yuz-koʻzida ham yuqori kayfiyat hukmron. Qisqacha aytganda, bugun Nukus jamoliga boqib koʻz toʻymaydi. U kun sayin chiroy ochib goʻzal va mahobatli shaharga aylanib bormoqda. Xullas, bu yangilanishlar shaharning bir necha yillar oldingi koʻrinishi bilan tanish boʻlganlarning hayratini oshirishi, shubhasiz.
“Bunday haybatli qurilishni koʻrmagan edim”
Haqiqiy taraqqiyotni yirik shaharlarning baland binolarida emas, oddiy odamlar nigohida, chekka hududlardagi turmush sharoitlarida koʻrish mumkin. Qoraqalpogʻistonning janubiy tumanlari boy tarix, chuqur madaniyat va salohiyatga toʻla zamin.
Oʻtgan yilning 29-fevral sanasi – qoraqalpogʻistonliklarning uzogʻini yaqin qilgan, yuraklarga yaqinlik olib kirgan tarixiy kun sifatida esda qoldi. Oʻsha kuni Amudaryo ustidan oʻtgan Qoraqalpogʻiston Respublikasini Xorazm viloyati bilan bogʻlovchi 423 metrlik temir va avtomobil yoʻli koʻprigi tantanali ravishda ochildi. Avvalgi 180 kilometr aylanma yoʻl, ikki soatlik yoʻl azobi, ponton koʻprikdagi xatar ortda qoldi.
– Oldingi koʻprik juda eski edi, shuning uchun xalqimiz avtomobillar uchun koʻprik kerakligini soʻragan va shuni kutib yurgandi, – deydi Amudaryo tumani nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi, “Doʻstlik” ordeni sohibi Bekman ota Allaberganov. – Sakson yoshga kirib, bunday mahobatli, oʻzimizning shevamizda aytadigan boʻlsam, haybatli qurilish koʻrmagan edim. Birov aytsa, afsonaga oʻxshardi. Lekin bugun afsonalar haqiqatga aylandi. Qarang, koʻprik mashinalarni, poyezdlarni ham daryoning narigi betiga oʻtkazyapti. Tumanimizga avtomobil yoʻli bilan birga daryo ustidan temir yoʻl ham oʻtganini koʻrib, quvonmay boʻladimi?

Yurtimizdagi bu kabi katta bunyodkorlik ishlarini oʻtgan davrlar bilan taqqoslayman. Sobiq ittifoq davrida ham bunday mahobatli koʻprikni barpo etishga jazm etisha olmagan. Sababi, bu kabi chekka hududlarga eʼtibor qaratilmagan edi. Mana, oʻsha davrlarda Orol dengizi quriyotgani maʼlum boʻldi, lekin keng koʻlamli choralar amalga oshirilmadi.
Endi, keyingi yillarda Prezidentimizning tashabbusi bilan qurigan dengiz tubidagi qum va tuzlar koʻtarilishining oldini olish, yashil qoplamalar barpo etish borasida qilinayotgan ishlarni koʻring... Bu yumushlarni butun dunyo hamjamiyati eʼtirof etmoqda, taʼbir joiz boʻlsa, amaliy saʼy-harakatlarga tan berishayotir. Mendan hozir kim soʻrasa, Prezidentimiz Qoraqalpogʻistonga otalarcha gʻamxoʻrlik koʻrsatayotir, deb baralla aytaman.
Hozirgi kunda “A-380” xalqaro avtomobil yoʻlining Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beynov yoʻnalishi rekonstruksiya qilinishi – janubiy tumanlar uchun eng katta oʻzgarishlardan biri. Bu yoʻl nafaqat transport oqimi, balki iqtisodiyot, logistika, savdo va aholi hayot sifati uchun muhim, desak, ayni haqiqat.
Jahon banki ishtirokida Qoraqalpogʻiston janubida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash loyihasi amalga oshirilib, Boʻston kanali rekonstruksiya qilindi. Endilikda Toʻrtkoʻl, Ellikqalʼa va Beruniy tumanlarigacha ushbu kanal qurilishi natijasida 100 ming gektar maydonning suv taʼminoti yaxshilandi. Suv yoʻqotilishi 48 foizdan 15 foizgacha kamayib, nasos stansiyalari soni keskin qisqardi.
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Beruniy tumanida amalga oshirilayotgan ichimlik suvi loyihasi haqida ham quvonch bilan gapirish mumkin. Bu loyiha 2024 – 2026-yillar davomida tugallanadi, yettita obyektda ishlar tashkil etiladi, buning uchun 25 mln. AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratilgan.
Ishsizlikni kamaytirish va mahalliy ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish maqsadida hududlarda olib borilayotgan qator sanoat loyihalari ham oʻzining samaralarini bera boshladi. Bunga Toʻrtkoʻlda 1,5 mln. dollarlik investitsiya hisobiga “Zavodxoz Agro” korxonasi ishga tushirilganini, 69 kishi doimiy ish bilan taʼminlanganini aytib oʻtishning oʻzi kifoya. Yoki yana bir loyiha – “YEVRO-OSIYO” MCHJ tomonidan qurilayotgan 119 xonadonli turarjoy binosini alohida tilga olish joiz.
Amudaryo tumanidagi Uyshin mahallasida “Jamoliddin Jayxun” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 1 mlrd. soʻmlik investitsiya hisobiga baliqchilik fermasi tashkil etilgani ham eʼtiborga molik ish ekanini aytib oʻtish oʻrinli. “Qoraqalpoq mahsulotlari” MCHJ tomonidan 1,3 mlrd. soʻmlik investitsiya hisobiga parrandachilik xoʻjaligi yoʻlga qoʻyilgani ham hududda tadbirkorlik rivojlanib borayotganini koʻrsatmoqda. Doʻstlik mahallasida joylashgan “Yangi Oʻzbekiston” massivida 2024-2025-yillar davomida 26 ta koʻp qavatli uy-joy qurilishi moʻljallangan.
Ellikqalʼa tumanida joylashgan “BOSTON DENIM” masʼuliyati cheklangan jamiyati jinsi materialidan tayyorlangan kiyimlar ishlab chiqarayotgani haqida eshitganmisiz? Haqiqatan ham, korxonaning birinchi bosqichida 150 ta ish oʻrni ochilganidan hamma mamnun. Joriy yilda 300 ming dona tayyor shim ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Ularning umumiy qiymati 1,5 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Va Ellikqalʼa jinsi shimlari xorijga eksportga chiqariladi. Eʼtibor bering: ilgari Qoraqalpogʻistonga jinsi shimlari import qilinardi, bugun esa buning aksi... Bu – taraqqiyot, yangilanish, oʻzgarish va rivojlanish mevasi.
Qoraqalpogʻistonning janubiy tumanlarida ham yangilanishlar bisyor. Toʻrtkoʻl tumanida “Cristall mega star” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 5 ta brend ostida kir yuvish mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Korxona mahsulotlari mamlakatimizning barcha hududidagi ichki bozorlarga kirib borish bilan birga eksportga ham yoʻnaltirilyapti.
– Bugun Qoraqalpogʻistonda boʻlayotgan oʻzgarishlar nihoyatda koʻp va bu haqda qancha toʻlib-toshib yozsak kam, – deya soʻzini davom ettiradi Azat ogʻa. – Gapning rostini aytsam, bu zaminda mard va tanti, mehmondoʻst va bagʻrikeng odamlar yashaydi. Ular oʻzi tugʻilib oʻsgan muqaddas zaminni obod etish, xalqi farovonligi, oilalar toʻkinligi, hududning goʻzal va betakror manzilga aylanishi yoʻlida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga xayrixohdir.
Davlatimiz rahbarining Qoraqalpogʻistonga har bir tashrifi juda qutlugʻ kelmoqda. Yurtboshimizning qadami tekkan joy gullayapti, yashnayapti. Yana bir jihati, u kishining eʼtiboridan hech bir hudud chetda qolib ketgani yoʻq. Bu qutlugʻ qadam qut-baraka, obodlik olib kelyapti. Qoraqalpogʻiston xalqining qaddini koʻtaryapti, elni moʻtabar qilyapti. Biz shunday fidoyi rahbarimiz borligidan faxrlanamiz. Shoir taʼriflaganidek:
Kengliklari ufqqa boshini qoʻygan,
Saxiy quyoshi ham sochgan sehrini.
Tonglari uygʻonib sogʻingan, suygan
Borliqqa qoʻyadi yoniq mehrini.
Hanuz oʻqilmagan sirli doston bu,
Chorlayotgan Qoraqalpogʻiston bu!
Madad berib kelgan har qadam qutlugʻ,
Hurmatu ehtirom topdi boshidan.
Qancha ezguliklar ijrosi ulugʻ,
Minnatdor el axir mard Yurtboshidan.
Jonajon Vatanda bir tanu jon bu,
Gullayotgan Qoraqalpogʻiston bu!
Ogʻa-inilikda xayru hikmat bor,
Udir har kuningda suyangan togʻing.
Mudom qalbimdasan aziz, ulugʻvor
Deya: – Ey oʻzbegim, qoraqalpogʻim!
Yashayotgan nurli Oʻzbekiston bu,
Yashayotgan Qoraqalpogʻiston bu!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring