Qutlov: bugun taniqli yozuvchi Nazar Eshonqul tavallud topgan kun

18:55 15 Iyun 2021 Madaniyat
701 0

Nazar Eshonqul — 1962-yili 15-iyunda Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Tersota qishlogʻida tugʻilgan. 1979-yili oʻrta maktabni tugatib, Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida (1981–1986) hamda shu universitet aspiranturasida (1986–1991) tahsil olgan. Shundan keyin Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida, “Yozuvchi” gazetasida, “Jahon adabiyoti” jurnalida faoliyat yuritgan. 1997-yildan buyon Oʻzbekiston teleradiokompaniyasida faoliyat yuritib keladi.

Nazar Eshonqul oʻzbek nasriga, ayniqsa, hikoyachiligiga yangi ovoz, yangi ruh olib kira olgan yozuvchi hisoblanadi. U mana shu janrni Sharq va Gʻarb adabiyoti anʼanalari bilan uygʻunlashtirayotgan adiblardan biridir. Ilk asari — “Urush odamlari” qissasidan (1989) soʻng, “Ufq ortidagi quyosh”, “Maymun yetaklagan odam” (2004), “Shamolni tutib boʻlmaydi” (2005), «Momoqoʻshiq» (1991), “Yalpiz hidi” (1996), “Shaftoli guli” (2011) nomli kitoblari nashr qilingan.

Mendan “men”gacha...

Biz har bir narsadan — oʻzimizni oʻrab turgan borliqdan tortib hayotimizga daxldor kichik hodisotlargacha nenidir izlashga odatlanganmiz. Bu “ne”dir, asli, oʻzimizdan oʻzga narsa emas. Xuddi koʻzguga qaraganday oʻzga akslarda oʻzimizni koʻramiz, taʼsirlanamiz, xulosa chiqaramiz.

Tashqi olam bizga koʻzgudir. Qarshimizda turgan odam bizga koʻzgudir. Yonimizdan oqib oʻtayotgan izdihom bizga koʻzgudir. Koʻz oʻngimizda yuz berayotgan voqealar bizga koʻzgudir. Oʻqiyotgan kitoblarimiz bizga koʻzgudir. Biz oʻzgalardan oʻzimizni izlaymiz. Tashlab ketayotganimiz — oʻzimiz. Borayotganimiz ham oʻzimiz. Biz bilan xayrlashuvchi ham oʻzimiz, kutib turgan ham oʻzimiz. Oʻqiganimiz ham, oʻqitganimiz ham oʻzimiz. Oʻzimizdan qochib oʻzimizga boramiz. Hayotimiz, fikrimiz ana shu oʻzliklar orasida shakllanadi, oʻzliklar orasida kechadi va sarf boʻladi. Biz botindan va zohirdan oʻzimizni izlab yuramiz. Ular orasidagi masofa juda yaqin va juda uzoq, chunki u mendan “men”gacha boʻlgan bepoyonlikni qamrab oladi...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?