Qudratillo Abduqahhorov navbatdagi jangini yaponiyalik jiddiy raqibga qarshi oʻtkazadi
Professional boksning yarim oʻrta (-66,67 kg) vazn toifasida ringga chiqadigan oʻzbekistonlik Qudratillo Abduqahhorovning navbatdagi jangdagi raqibi aniq boʻldi. Bu haqda sportchining oʻzi “Xalq soʻzi Online”ga maʼlum qildi.
Qudratilloning navbatdagi raqibi yaponiyalik Keita Obara boʻladi. Noyabrda 32 yoshga toʻladigan Keita shu kunga qadar 24ta jang oʻtkazgan boʻlib ularning 20tasida gʻalaba qozongan (18 nokaut), 3 marta magʻlubiyatga uchragan, bitta jangda durang natija qayd etilgan. Hozirda sportchi yarim oʻrta vaznning WBO yoʻnalishida Osiyo-Okeaniya kamari sohibi sanaladi. Obara ayni vaqtda IBF yoʻnalishida reytingda oltinchi, WBO yoʻnalishida esa 15-oʻrinda bormoqda. Keita 2016 yilda IBF va IBO yoʻnalishlari chempionlik kamari uchun ringga chiqib, rossiyalik Eduard Troyanovskiga imkoniyatni boy berib qoʻygandi.
“Amerikada uch oy davomida shugʻullanib, raqib topa olmadik. Negadir ular bizning takliflarimizni rad qilishdi. Reytingda eng yuqori oʻrinlarga chiqish uchun shu darajadagi bokschilarga taklif bilan chiqdik. Ammo ular rad etishdi. Masalan amerikalik Jessi Vargasga ikki marta taklif bilan chiqdik. Ammo uning promouterlari rozi boʻlishmadi. Agar u bilan jang qilib yutganimda, bir yoʻla ikkita kamarga birinchi raqamli daʼvogar boʻlardim.
AQSHda janglar hal boʻlmagach, Malayziyaga qaytdik. Bu yerda yaponiyalik Keita Obara bilan jang oʻtkazishga kelishib oldik. Jangni dekabr oyining boshlarida oʻtkazishni rejalashtiryapmiz“, deya gapirib oʻtgan Abduqahhorov.
Hozircha jangning aniq sanasi va oʻtkaziladigan joyi nomaʼlum boʻlib turibdi. Jang Malayziya yoki Yaponiyada boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Bu borada muzokaralar davom etmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Qudratillo Abduqahhorov WBC yoʻnalishining ikkinchi darajali WBC Silver kamarini oʻz vaqtida himoya qilmagani uchun kamar undan olib qoʻyilgandi. 6 oktyabr kuni Jessi Vargas va Tomas Dulorme ushbu kamar uchun ringga koʻtarildi, ammo jangda gʻolib aniqlanmadi. Natijada oldinroq Abduqahhorovga tegishli boʻlgan kamar, ayni vaqtda kelib vakant boʻlib turibdi.
Maʼlumot uchun, Qudratillo Abduqahhorov professional boksda 15 jang oʻtkazib, ularning barchasida gʻalaba (9 nokaut) qozongan. Ayni vaqtda sportchi WBC reytingida 3-oʻrinda bormoqda. Shuningdek, u IBF reytingida toʻrtinchi, WBO reytingida esa 12-oʻrinda bormoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring