Qozogʻistonda zilzila qayd etildi. Oʻzbekiston FVV Oʻzbekiston va unga chegaradosh hududlarda kuchli zilzilalar sodir boʻlish ehtimoli mavjud emasligini aytgan edi

20:26 06 Fevral 2023 Dunyo
1324 0

Illyustrativ foto

Shu yilning 6-fevral kuni kechki payt Qozogʻistonning ayrim hududlarida yana zilzila sodir boʻldi. Xususan, Chimkentda 2-3, Tarazda 2 magnitudali yer silkinishlari qayd etilgan. Zilzila epitsentri Qozogʻistonning janubida, Chimkent va Turkiston oʻrtasida joylashgan.  

Chimkent viloyati favqulodda vaziyatlar departamentining tezkor maʼlumotlariga koʻra, zilzila 2-3 ball sezuvchanlik bilan sodir boʻlgan. Yer silkinishlari Olmaota vaqti bilan 19:02 da qayd etilgan. Qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida maʼlumotlar yoʻq.

“6-fevral kuni soat 19:02da zilzila qayd etilgan boʻlib, epitsentri Olmaota shahridan 628 kilometr gʻarbda Qozogʻiston hududida joylashgan. Zilzila energetik klassi 11,7 ball. Magnitudasi 5,4 ball. Sezuvchanlik: Chimkentda – 2-3 ball. Shahar aholisidan vahima qoʻymasliklarini va xotirjamlikni saqlashlarini soʻraymiz”, deyiladi Chimkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar guruhi xabarida.

Bu bugunning oʻzida Qozogʻiston qayd etilgan ikkinchi yer silkinishi hisoblanadi. Ushbu mamlakatda Toshkent vaqti bilan 18:02 da 4,3 magnitudali zilzila sodir boʻlgan edi. 

Oldinroq, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi mamlakatimiz va unga chegaradosh hududlarda magnitudasi M≥5 boʻlgan zilzilalar darakchilari aniqlanmagan hamda kuchli zilzilalar sodir boʻlish ehtimoli mavjud emasligini maʼlum qilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер