Qozogʻistonda oʻzbekistonlik fuqaro umrbodga qamaldi

11:18 12 Mart 2025 Jamiyat
143 0

Qozogʻistonning Gʻarbiy Qozogʻiston viloyatida 4 nafar vatandoshini yoqib yuborgan 48 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi, deb xabar bermoqda “Moy Gorod” nashri.

Taʼkidlanishicha, yongʻin 2024-yilning may oyida Bayterek tumanida sodir boʻlgan. Mazkur yongʻin oqibatida mamlakatga mavsumiy ishlash uchun kelgan 4 nafar Oʻzbekistonlik fuqaro halok boʻlgan hamda bir nafari kuyish jarohati olgan.

Tergov materiallariga koʻra, fojia sodir boʻlgan kuni ayblanuvchi va uning yurtdoshlaridan birining oʻrtasida nizo kelib chiqqan.

“9-may kuni ularning orasidan biri oʻz tugʻilgan kunini nishonlagan. Sudlanuvchi alkogol isteʼmol qilganligi tufayli mast holatda boʻlgan. Uni bir necha bor tashqariga olib chiqib, tinchlantirishga harakat qilishgan, ammo ayblanuvchi yana qaytib kelib, bolta bilan shu yerdagi odamlarga tashlangan hamda «hammangni oʻldiraman” deb tahdid qilgan. Soʻng tashqariga chiqib, benzin solingan idishni olib, yonib turgan gaz plitasi ustiga tashlaydi. Bino yonuvchi materiallardan qurilgani tufayli tezda alanga ichida qolgan», — deyiladi sudya Aslabek Dyusengaliyev nutqida.

Dastlabki tekshiruvlar natijasida yongʻin sabab halok boʻlganlarning ikki nafari Xudoyberdiyevlar, yana ikki nafari esa Namozovlar oilasiga mansub aka-ukalar ekanligi oydinlashgan.

Mazkur sud jarayonida marhumlarning oila aʼzolari onlayn tarzda ishtirok etgan. Ular maʼnaviy yoki moddiy zarar uchun davo arizasi kiritmagan. Faqatgina, suddan ayblanuvchini umrbod qamoq jazosiga hukm qilishni talab qilgan.

Shuningdek, ayblanuvchi oʻz aybini qisman tan olgan. U gaz plitasiga uloqtirgan idish Ichida benzin emas, suv bor deb oʻylaganini aytgan hamda sud ishini qasddan odam oʻldirish emas, ehtiyotsizlik oqibatida sodir boʻlgan holat sifatida davom ettirishni soʻragan.

Sud ayblanuvchining gaplarini inobatga olmagan hamda ikki yoki undan ortiq odamni qasddan oʻldirishda aybdor deb topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер