Qozogʻiston — Oʻzbekiston: koʻp asrlik doʻstlik va hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda

Suratda Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Beybut Atamkulov
Qozogʻiston va Oʻzbekistonni ildizlari uzoq oʻtmishga borib taqaluvchi doʻstlik va birodarlik munosabatlari bogʻlab turadi. Tomonlar iqtisodiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni faol rivojlantirmoqda, bu esa ikki mamlakat oʻrtasidagi ittifoqchilik mezonlari manfaatiga mos keladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻistonga davlat tashrifi oldidan muxbirimiz Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Beybut ATAMKULOV bilan ikki tomonlama munosabatlarning eng asosiy jihatlari haqida suhbatlashdi.
— Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi davlatlararo hamkorlikning bugungi holatiga qanday baho berasiz?
— Mamlakatlarimiz oʻtgan yillar mobaynida yaxshi qoʻshnichilik va birodarlikka asoslangan aloqalarning yuqori darajasiga erishdi. 2022-yilning dekabrida davlatlarimiz oʻrtasida Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangani buning yaqqol dalilidir. Aytish mumkinki, ushbu hujjat oʻsha davrda nafaqat Qozogʻiston va Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyodagi yaqin hamkorlikning yorqin isboti boʻldi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasida uzviy muloqot yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, toʻgʻridan-toʻgʻri sheriklik mexanizmlari mavjud, ular sirasiga Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiya, Parlamentlararo hamkorlik kengashi, Mintaqalararo hamkorlik forumi va boshqa tuzilmalar kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻistonga davlat tashrifi doirasida davlatlar rahbarlari boshchiligidagi Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi oʻtkazilishi kutilmoqda.
Qozogʻiston va Oʻzbekistonning oʻzaro munosabatlarida savdo-sotiq muhim oʻrin egallaydi, u iqtisodiy hamkorlikning asosi boʻlgani holda har ikki mamlakatning oʻsishi va rivojlanishini ragʻbatlantiradi. Qozogʻiston — Oʻzbekistonning eng asosiy savdo sheriklaridan biri. Soʻnggi besh yilda oʻzaro savdo koʻrsatkichi ahamiyatli darajada oʻsib 2022-yilda savdo aylanmasi hajmi 5 milliard dollarga yetdi. Bugungi kunda hukumatlarimiz ushbu koʻrsatkichni ikki baravar oshirib, 10 milliard dollarga yetkazish ustida faol ish olib bormoqda.
Oʻtgan yil oxirida Markaziy Osiyo sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi faoliyatini tartibga solish toʻgʻrisidagi bitim imzolangan edi. Markaz ishlab chiqarish korxonalarini ragʻbatlantirish, ish oʻrinlari yaratish, sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, tovarlarni joʻnatish uchun logistika xizmatlarini koʻrsatish kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni taʼminlaydi.
Madaniy-gumanitar sohadagi aloqalar ham faol rivojlanmoqda. Ayni davrda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetining Qozogʻistondagi filialini va Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universitetining Oʻzbekistondagi filialini ochish boʻyicha ishlar yakunlandi. Ishonamizki, oʻzaro oliy oʻquv yurtlarini tashkil etish madaniy aloqalarni mustahkamlaydi, taʼlim va fan sohasida yanada chuqurroq hamkorlik uchun sharoit yaratadi.
Umuman, Qozogʻiston — Oʻzbekiston hamkorligi yetarlicha turli-tuman sohalarni qamrab olgan. Savdo-iqtisodiy munosabatlarni yuqori darajaga koʻtarish hamda oliy taʼlim muassasalarining filiallarini ochishdan tashqari koʻplab masalalar boʻyicha oʻzaro kooperatsiyani mustahkamlash uchun katta ishlar olib borilmoqda.
— Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari haqida toʻxtalib oʻtsangiz…
— Davlatlarimiz rahbarlari boshchiligida koʻplab masalalar boʻyicha Qozogʻiston — Oʻzbekiston munosabatlarini mustahkamlash borasida katta ishlar amalga oshirildi. 2022-yil dekabrda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning Oʻzbekistonga davlat tashrifi doirasida Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi va u Qozogʻiston — Oʻzbekiston munosabatlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqdi.
Rasmiy va davlat tashriflaridan tashqari, Prezidentlarimiz oʻrtasida ishchi uchrashuvlarning yangicha formati ham yoʻlga qoʻyildiki, ularda kundalik masalalar muhokama qilinadi. Oʻtgan yili ilk shunday uchrashuv Chimkentda boʻlib oʻtdi, joriy yil aprelda yetakchilar Xivada uchrashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻistonga davlat tashrifi esa muhim siyosiy voqelik sifatida ikki tomonlama uzviy hamkorlikka yangi impuls beradi.
Oʻzbekistonda kuzatilayotgan yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlari nafaqat uzoqdagi xorijiy davlatlarning sarmoyadorlari uchun, balki Qozogʻiston biznesi uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi. Bizning tadbirkorlarimiz qiziqishi yuqori ekanini quyidagi raqam ham tasdiqlab turibdi: oʻtgan yili Qozogʻistonlik tadbirkorlar Oʻzbekistondagi loyihalarga 86,2 million dollar miqdorida sarmoya kiritishdi.
Quvonarlisi, har ikki davlat organlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ular muntazam ravishda oʻzaro savdo munosabatlarini yengillashtirish va biznes yuritish yoʻllarini muhokama qilib turishadi.
Yaqinda hukumatlarimiz rahbarlari Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazdi. Unda Qozogʻiston — Oʻzbekiston hamkorligini yanada rivojlantirish boʻyicha koʻplab masalalar koʻrib chiqildi.
Aytish joizki, siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan umumiy saʼy-harakatlarimiz uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratadi. Shunday qilib, koʻp asrlik doʻstlik va hamkorlik rishtalari yanada mustahkamlanib boraveradi.
Aminmanki, oʻzaro qoʻllab-quvvatlov hamda qoʻshma loyihalar kelgusida ham mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishini taʼminlab, xalqlarimizning yanada yaqinlashuviga xizmat qiladi.
— Oʻzbekistonda elchi sifatida faoliyat boshlaganingizdan buyon sizda katta taassurot qoldirgan narsa nima, deb oʻylaysiz?
— Bilasizmi, 2017-yilda Qozogʻiston mudofaa va aerokosmik sanoat vaziri sifatida Oʻzbekistonga tashrifimni yaxshi eslayman. Oʻshanda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan islohotlarni amalga oshirish jarayoni endigina boshlangan edi. 2022-yilning noyabr oyida Qozogʻiston Respublikasining elchisi etib tayinlanishim mazkur Harakatlar strategiyasi yakunlangan davrga toʻgʻri keldi va besh yil davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan ulkan oʻzgarishlarning guvohi boʻldim.
Shu davrda hayotning barcha jabhasini tubdan isloh qilishga qaratilgan 300 ga yaqin qonunlar hamda Prezidentning 4 mingdan ortiq Farmon va qarorlari qabul qilindi. Inson huquqlarini himoya qilish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish borasida bajarilayotgan ishlar yangi Oʻzbekistonni qurishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratish imkonini bermoqda.
Oʻzbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay sarmoyaviy muhit yaratish, biznes yuritish imkoniyatlarini har tomonlama kengaytirish borasida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishildi. Keyingi yillarda 60 milliard dollardan ortiq xorijiy sarmoya oʻzlashtirildi. Ijtimoiy soha va infratuzilmani rivojlantirishga xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablagʻi jalb etildi.
Taʼsirchan statistik koʻrsatkichlar sezilarli oʻzgarishlar va qulay ishbilarmonlik muhiti shakllanishidan dalolat beradi.
Oʻzbekiston iqtisodiyotida tobora muhim oʻrin tutayotgan xususiy sektor oʻsib borayotganini kuzatmoqdamiz. Yangi, jumladan, xorijiy investorlar ishtirokidagi korxonalar, startaplar paydo boʻlmoqda. Iqtisodiy oʻsish va ishbilarmonlik faolligining multiplikativ samarasi aholi umumiy farovonligining oshishi hisoblanadi. Oʻtgan yili kambagʻallik darajasi 11 foizga kamaygani eʼlon qilingan edi va shu oʻrinda taʼkidlashni istardimki, mamlakatingizning barcha hududida bu koʻrsatkichning pasayishi kuzatildi. Bu esa nafaqat alohida sanoat hududlarining, balki barcha hududning birdek rivojlanganini anglatadi.
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarning jadal surʼati va koʻlami har qanday kishini hayratga solishi muqarrar.
Nurlan USMONOV
(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring