Qoʻshtepada uch egizak tugʻildi

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Qoʻshtepa tumanining “Soy boʻyi” MFYda istiqomat qiluvchi 88 yoshli Tursunboy Tojiboyevlar sulolasi egizak farzandlari bilan mashhur.
Tursunboy bobo nabirasi Asadillo Tursunovga ushbu mahallada egizak farzandlari koʻpligi bilan tanilgan yana bir oila – Usmonovlar sulolasining qizi Mushtariy Usmonovani kelin qilgandi. Bu oilada tugʻilgan toʻngʻich qiz Shahnoza hozir uch yoshda. U oilaning shiringina erkatoyi.
Shu yilning 18-yanvarida Asadillo va Mushtariy birdaniga uch egizakli boʻlishdi. Oila nuroniylari yaxshi niyat bilan egizaklarga Roziyaxon, Abubakr, Robiyaxon ismlarini qoʻyishdi. Katta oilaga bir olam quvonch olib kelgan chaqaloqlar bugungi kunda shifokorlar nazoratida sogʻlom ulgʻaymoqda.
— Bizning oilada ham, kelinimning oilasida ham egizaklar koʻp, — deydi chaqaloqlarning bobosi Xayrullo Tojiboyev. — Hozirgi kunga qadar ikki nafar nabiram bor edi. Birdaniga 5 nabiraning bobosi boʻlib, bundan behad quvonib yuribman.
Aytish joiz, bugun tabarruk 88 yoshli Tursunboy ota Tojiboyev koʻp yillar davomida Qoʻshtepa tumani tibbiyot birlashmasida ishlab, nafaqaga chiqqan. Egizak chevaralarini koʻrgani borgan bobo tibbiyot maskanidagi zamonaviy sharoitlarni koʻrib, rosa quvondi. Davlatimiz gʻamxoʻrligi bilan ona va bola salomatligini asrash boʻyicha amalga oshirilgan ezgu ishlarni olqishladi.
— Darhaqiqat, keyingi yillarda tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi shifo maskanlarida keng koʻlamli qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilib, eng soʻnggi rusumdagi tibbiy jihozlar, malakali kadrlar bilan taʼminlandi, — deydi Qoʻshtepa tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Oybek Murodov. — Bu egizaklar ham yangi qurib bitkazilgan tugʻruq kompleksida tugʻilib, eʼtibor va gʻamxoʻrlik ogʻushida ulgʻaymoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring