Qoʻshtepa tumanida IT va xorijiy tillar boʻyicha zamonaviy taʼlim markazi tashkil etildi
Bugungi globallashuv davrida axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni bilish yangi avlod uchun hayot-mamot masalasiga aylangani endi hech kimga sir emas. Ayni shu talab va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda mamlakatimizda yoshlarni zamonaviy kasblar va raqamli koʻnikmalarga oʻrgatishga qaratilgan tashabbuslar izchil amalga oshirilmoqda.
Shu jarayonda Qoʻshtepa tumanidagi “Qiyqi” mahalla fuqarolar yigʻini hududida faoliyat koʻrsatayotgan “Cahub” zamonaviy kasblar akademiyasi nafaqat mahalla yoshlari, balki IT va xorijiy tillarni oʻrganishga qiziqqan katta avlod vakillari uchun ham muhim taʼlim maskaniga aylanib bormoqda.
Markaz oʻtgan yilning aprel oyida Yoshlar ishlari agentligining Qoʻshtepa tuman boʻlimi tomonidan ajratilgan binoda oʻz faoliyatini boshladi. Qisqa vaqt ichida akademiyada tashkil etilgan oʻquv guruhlarida 200 nafardan ortiq tinglovchi tahsil oldi va belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha sertifikatlarga ega boʻldi. Bu yerda kompyuter savodxonligi, veb-dasturlash, mobil videografiya, SMM hamda ingliz tili fanlaridan zamonaviy metodlar asosida dars mashgʻulotlari olib borilmoqda.

Ayni paytda markazda faqat oʻquvchi-yoshlar emas, balki turli sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ham oʻz bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirish imkoniyatiga ega. Xususan, oʻtgan yil mobaynida 100 nafarga yaqin oʻrta tibbiyot xodimi kompyuter savodxonligi boʻyicha oʻquvlarda ishtirok etdi. Shuningdek, mahalladagi uyushmagan yoshlarni IT va xorijiy tillarga jalb etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
— Nazariy bilimlarni amaliy mashgʻulotlar bilan uygʻunlashtirgan holda oʻquv jarayonlari 4 nafar malakali mutaxassis tomonidan olib borilmoqda, — deydi akademiya menejeri Bahodirjon Tursunov. — Qoʻshtepa tuman hokimligi tomonidan markazning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 320 million soʻm mablagʻ ajratilib, 10 dan ortiq zamonaviy kompyuter jamlanmalari taqdim etildi. Hozirda markaz ixtiyorida 20 dan ziyod kompyuter, elektron doska hamda smart televizorlar mavjud.

Dars jarayonlari va ishtirokchilar faolligi muntazam monitoring qilib borilmoqda. Asosiy maqsad — taʼlim oluvchilarning bu imkoniyatdan unumli foydalanib, mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanishiga koʻmaklashishdir.
Aytish joiz, Qoʻshtepa tuman hokimligi tashabbusi bilan akademiyaga tutash hududda, katta yoʻl boʻyida IT-shaharcha qurilishi ham yakuniy bosqichga kirgan. Umumiy qiymati 360 million soʻmni tashkil etuvchi mazkur istiqbolli loyiha yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- “Oʻzbekiston –2030” strategiyasining yangi tahrirdagi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi
- Oʻzbekistonga nechta davlatdan turistlar kelayotgani ochiqlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring