Qoshqayron bogʻlarida qishda ham bogʻbonlarning yumushi qizgʻin

13:39 28 Yanvar 2026 Jamiyat
214 0

Rishton tumanidagi “Qoshqayron” MFY ahli azaldan bogʻdorchilik sohasidagi mirishkorligi bilan mashhur. Bugun mahalla bogʻlarida ota-bobolardan meros Rishtonning qandak oʻrigini yetishtirish tajribasi ilm-fan yutuqlari, ilgʻor agrotexnologiyalar hamda yangicha yondashuvlar asosida jadal rivojlanmoqda.

Ayni paytda mahalla aholisi tasarrufida 350 gektar mevali bogʻ boʻlib, keyingi yillarda uning salmoqli qismi zamonaviy mezonlar asosida yangilandi. Eski va samarasiz bogʻlar oʻrnida serhosil, eksportbop navlar ekildi. Hozirgi kunda intensiv bogʻlarda qandak oʻrik bilan birga, shaftoli, olma va gilos singari xaridorgir mevalar parvarish qilinyapti.

Shu kunlarda moʻl hosil umidida Qoshqayron bogʻlarida daraxtlarga shakl berish, mahalliy oʻgʻitlar bilan quvvatlantirish, payvantak qilish ishlariga kirishilgan. Shu bois qish chillasi boʻlishiga qaramay mahalla bogʻbonlarining yumushi qizgʻin.

—28 gektarli bogʻimizda asosan qandak oʻrikning bir necha navlarini parvarishlaymiz. Shu bilan birga, oʻnga yaqin mevalar yetishtiriladi,—deydi “Rohatbaxshida zamin” bogʻdorchilik fermer xoʻjaligi rahbari Tursunali Teshaboyev.—Hozirda xoʻjaligimiz aʼzolari bilan birgalikda shakl berish ishlarini yakuniga yetkazyapmiz. Bu hosil taqdirini hal qiladigan juda ham masʼuliyatli palla. Shuning uchun ushbu yumushga eng tajribali bogʻbonlar jalb etiladi.

Qoshqayronlik bogʻbonlar yangicha yondashuvlar asosida qandak oʻrikning qadimiy navlarini tiklashga harakat qilayotgani eʼtiborga molik. Shuningdek, oʻrik hosilini uzoq muddat sifatini buzmagan holda tabiiy usulda saqlash boʻyicha ham quvonarli yutuqlarga erishilyapti. Qoshqayronda oʻrikni tabiiy usulda quritish va saqlashda oʻziga xos mahorat maktabi shakllangani tufayli u Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya bozorlarida juda ham xaridorgir hisoblanadi.

Yaqin yillarda Yevropadan yangi gilos navi olib kelinib, intensiv usulda koʻpaytirilmoqda. Mahalliy iqlim sharoitiga moslashib ulgurgan ushbu nav hosili qoʻshni mamlakatlar, Rossiya bozorida allaqachon xaridorgir mahsulotga aylandi.

Aytish joiz, bugungi kunda mahalla tadbirkorlari tomonidan 2 ming tonna sigʻimga ega 3 ta muzlatgichli omborxona tashkil etilgan. Bu darmondorilarga boy mevalarning kerakli zaxirasini yaratish va yil mobaynida eksport qilish imkonini beradi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер