Qoʻshimcha qiymatga ega milliy mahsulotning 80 foizi eksportga yoʻnaltiriladi

11:59 26 May 2021 Klaster
16596 0

“Oʻzbekiston paxta – toʻqimachilik klasterlari» uyushmasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan Buxorodagi “BCT CLUSTER” xorijiy korxonasiga press-tur tashkil qilindi.Tadbir davomida OAV xodimlari paxtani yetishtirishdan tortib, xom ashyoni tayyor mahsulot holiga keltirgunga qadar boʻlgan uzluksiz jarayon bilan tanishdilar.

Quyidagi maqola ushbu safar taassurotlari asosida tayyorlandi.

Paxta dalasidagi innovatsiya

“BCT CLUSTER” xorijiy korxonasi tarkibiga kiruvchi “BCT CLUSTER AGROKOMPLEKS” masʼuliyati cheklangan jamiyati Romitan tumanida joylashgan.8 ming gektar ekin maydoniga ega. Bu yerda har qadamda bir yangilikka duch kelasiz. Chunonchi, 2,5 ming gektar yerda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etildi. Paxtani qayta ishlash korxonasi zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan. Chigitni qayta ishlab yogʻ va chorvabop mahsulotlar tayyorlashga ixtisoslashadigan yirik korxona qurilmoqda. Mashina-texnika parki rekonstruksiya qilinib, zamonaviy shart- sharoitlar yaratildi. Har bir texnika vositasi qaysi dalada, qanday ish bilan shugʻullanayotgani dispetcherlik punkni orqali nazoratga olingan.Korxonada ishlovchilarning vaqtni mazmunli oʻtkazishlari uchun barpo qilingan, koʻrsa havas qilgulik binoni aytmaysizmi?

— Innovatsion texnologiyalar allaqachon dalamizga ham koʻchib ulgurdi, — deydi masʼuliyati cheklangan jamiyat bosh iqtisodchisi Muxtor Nurullayev. — Mana bir misol. Tajribali mutaxassis Inoyat Nurovning tashabbusi bilan gʻoʻzaga ishlov berishda yangi usul joriy etildi. Bunda bir paytning oʻzida chopiq traktori qator orasini ham kultivatsiya qiladi, ham kerakli komponentlar bilan toʻyintirilgan suyuqlikni gʻoʻza barg qismiga sepadi. Ikkita jarayonni biratoʻla bajarish orqali bir gektar yerdagi paxtaga bir marta ishlov berishdan 96 ming soʻm tejab qolinmoqda. Agar 6,5 ming gektar maydonda paxta yetishtirilayotgani inobatga olinsa, kamida 600 million soʻm mablagʻ tejalayotgani maʼlum boʻladi.

“Roʻzgʻorimga qut-baraka kirdi”

“BCT CLUSTER AGROKOMPLEKS«da yana bir yangilikka qoʻl urildi. Brigada usulidan voz kechilib, ish oilaviy pudrat ostida yoʻlga qoʻyildi. Hozir 2200 ta oilaviy pudratchi faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻtabek qishlogʻida yashovchi Oʻrin Ibragimov ana shularning biri.

— Bundan uch-toʻrt yilcha muqaddam ish izlab Rossiyaga ham borganman, — deydi u. — Musofirchilikdagi qiyinchiliklarni aytmay qoʻya qolay. Klaster ochildiyu menga oʻxshagan dehqonlarning yelkasiga oftob tegdi. Qishlogʻimga, oilam bagʻriga qaytdim. Klasterda ishlay boshladim. Roʻzgʻorimga qut- baraka kirdi .Ayniqsa, oilaviy pudratning joriy etilgani yaxshi boʻldi. Mana shu dala — meniki. Xuddi oʻz tomorqamday unga mehr qoʻyganman. Ketgim kelmaydi. Nasib etsa, gektaridan 40 sentnerdan oshirib hosil olaman.

Oʻrin aka chinakam dehqon. Bilimli. Respublika gazetalari bosh muharrirlari ismi-shariflarini nomma-nom aytib hamkasblarimizni ham hayron qoldirdi. Aytmoqchi, klasterda ishlash ortidan hozir oilasi byudjetiga oyiga 1 million 800 ming soʻm pul avans tariqasida kirmoqda. Yil yakuni boʻyicha yana moʻmaygina daromad koʻradi.16 sotixli tomorqasida bir qarich boʻsh yerni koʻrmaysiz. Ogʻilida qoramollari bor.

Romitandagi mazkur klaster sharofati bilan 3400 kishi ishli boʻldi. Vaholanki, “BCT CLUSTER AGROKOMPLEKS” tashkil topgunga qadar bu yerda faoliyat yuritgan fermer xoʻjaliklarida atigi 450 kishi mehnat qilardi.

106,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya oʻzlashtirildi

Romitandagi klaster korxonasida yetishtirilayotgan paxta Buxoro shahrida bunyod etilgan zamonaviy toʻqimachilik majmuasida chuqur qayta ishlanmoqda.

— “BCT CLUSTER” davlatimiz rahbarining 2017-yil 19-maydagi “Buxoro viloyatida zamonaviy paxta-toʻqimachilik klasterini tashkil etish chora- tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan barpo qilingan, — deydi yigiruv, boʻyash, toʻqimachilik, «Denim» jinsi matosiga ishlov berish, tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikalaridan iborat “Bukhara Cotton Textile” korxonasi rahbari Olim Jumayev. — Ushbu yirik loyihani amalga oshirish uchun jami 106,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar oʻzlashtirildi. Klasterning fabrikalari Germaniya, AQSH, Belgiya, Fransiyaning dunyo toʻqimachilik sanoatida yetakchi boʻlgan kompaniyalarida tayyorlangan eng zamonaviy texnologik liniyalar, asbob- uskunalar bilan jihozlangan.

Bu yerda oʻnlab yigit-qizlarni uchratdik. Har biri — oʻz ishining ustasi.

— Jondor tumanidagi Hazorman qishlogʻidanman, — deydi oʻzini Nigora Abdulhaqova deya tanishtirgan qiz. — Yigiruvchi vazifasida ishlayapman. Qisqa muddat ichida bu zamonaviy liniyada ishlash sir-asrorlarini oʻzlashtirdim.Durustgina maosh olaman.Bu yerda ishlash maroqli.

Oʻzbekistonda birinchi milliy jinsi brendi yaratildi

Klaster tomonidan oʻtgan yili 21 ming tonna paxta yetishtirilib, undan qariyb 6 ming tonna ip kalava, 300 ming pogonometr jinsi matosi va 100 ming dona jinsi tayyorlandi. Xorijga 7 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Shu tariqa ushbu yirik loyiha tashabbuskori, iqtisod fanlari doktori, senator Murtazo Rahmatov koʻp bor taʼkidlaganidek, oʻzimizda yetishtirilgan paxta qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulotga aylanmoqda. Boshqacha aytganda, yillar davomida xom ashyo sifatida kilogrammi 1,2 – 1,5 dollarga sotib kelingan toladan endilikda 15 – 20 dollarlik qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarilyapti. Eng muhimi, klaster tomonidan Oʻzbekistonda birinchi milliy jinsi brendi — "V Jeans” yaratildi. Xaridorlarga ushbu yorliq ostidagi jinsi liboslarni yetkazib berish maqsadida Toshkent, Buxoro, Samarqand va Namangan shaharlarida 10 ta savdo tarmogʻi ishga tushirildi. Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida “Savdo uyi” ochildi. Xorijiy davlatlarda ana shunday 100 ta savdo nuqtasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Yirik ishlar tashabbuskorlarining maqsadlari ham katta boʻladi. Joriy yilda klaster tomonidan 26 ming tonna paxta xom ashyosi yetishtirish, uni birlamchi qayta ishlash orqali 9100 tonna tola olish, tolani chuqur qayta ishlash evaziga 8450 tonna kalava ip yigirish, keyingi bosqichlarda 15 million pogonometr denim jinsi matolar toʻqish, undan 12,5 million dona «Denim klassik» va «Denim streych» shimlari ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Tayyor mahsulotning 80 foizi eksport qilinadi.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер