Qoʻshimcha qiymat – moʻmay daromad

12:05 09 Oktyabr 2025 Jamiyat
179 0

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan paxtachilik sohasida beqiyos oʻzgarishlar yuz berdi. Klasterlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi, paxtani xom ashyo tarzda emas, chuqur qayta ishlagan holda xorijga eksport qilish tizimi vujudga keldi. Buning natijasida birgina Qashqadaryo viloyatida “LT Textile International”, “Oqsaroy tekstil”, “Bunyodkor textil”, “Sulton tex group”, “Oqsaroy Vortex”, “Kitob ip yigiruv” AJ va shu kabi oʻnlab zamonaviy korxonalar qurilib ishga tushirildi. Xom ashyoni toʻliq hududning oʻzida qayta ishlash imkoni yaratildi. Ishlab chiqarish quvvati yildan-yilga oʻsib bormoqda.

Misol uchun, 2023-yilda viloyatda 3,9 ming tona paxta linti, 81,3 ming tona paxta tolasi hamda 59,5 ming tona kalava ip ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2024-yilda ishlab chiqarilgan paxta linti miqdori 5,3 ming tona, paxta tolasi 87,7 ming tonna, kalava ip miqdori 72,2 ming tonnaga yetdi. Ip-kalava ishlab chiqarish 85 foizga, mato ishlab chiqarish 35 foizga koʻtarildi. Xitoy har yili qariyb 27,5 million toy paxta tolasi yetishtirsa-da, biror kilo ham paxta yoki ip-kalava eksport qilmaydi. Xom ashyo mamlakatning oʻzida qayta ishlanib, faqat tayyor mahsulot holidagina tashqi bozorga chiqariladi. Faqatgina paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashning ortidan 300 millionga yaqin kishining bandligi taʼminlangan.

Mamlakatimizda ham dastlab tolani qayta ishlash quvvatlarini qurib ishga tushirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Vohada tolani dastlabki qayta ishlash qamrovi yuz foizga, ip kalava ishlab chiqarish qamrovi 85 foizga, mato ishlab chiqarish qamrovi 35 foizga yetkazildi.

– Viloyatimizda matodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish tarmogʻida koʻplab yangi loyihalar amalga oshirildi, – deydi “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili Faxriddin Azizov. – Ayni paytda viloyatda matoni boʻyash va undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar soni 224 taga yetdi. Joriy yilda 56 million dona tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarildi. Ushbu davr mobaynida viloyatdagi toʻqimachilik korxonalari tomonidan eksport qilingan mahsulotlar salmogʻi 140 million AQSH dollarini tashkil etmoqda.

Eʼtiborlisi, bugun Qashqadaryodagi faqat toʻquv-trikotaj korxonalarining oʻzida yuz mingdan oshiq kishi mehnat qilmoqda. Oʻtgan yillar davomida butun mamlakatimizda boʻlgani kabi vohada ham tekstil sanoatida katta loyihalar amalga oshirildi. Ularda yuz minglab insonlar mehnat qilmoqda, qancha-qancha oilalarning farovonligi, moddiy daromadini bevosita shu korxonalarning barqaror ishlab turishi hal qiladi. Ushbu tekstil korxonalarining “yuragi” esa avvalo xom ashyo, yaʼni paxta tolasiga bogʻliq. Shu bois paxta xom ashyosi bugun viloyat iqtisodiyoti, ijtimoiy hayotida muhim oʻringa ega.

Mamlakatimiz hududlari orasida Qashqadaryo eng koʻp paxta yetishtiruvchi hudud hisoblanadi. Joriy yilda ham qashqadaryolik mirishkorlar 126 ming gektardan ortiq maydonga chigit ekishgandi. Ayni paytda dalalarda yigʻim-terim ishlari avjida. Buning uchun 200 dan ortiq zamonaviy paxta terish mashinalari kuchidan foydalanilmoqda. Mavsumga yuz minglab terimchilar jalb etilgan. Ayniqsa, qoʻlda terilgan har bir kilogramm paxta uchun 2 ming soʻmdan haq toʻlanayotgani ishsiz, uyda boʻsh oʻtirganlarni imkoniyatdan unumli foydalanib, koʻproq daromad olishga undamoqda. Hatto mavsumda 70-80 million soʻm daromadni koʻzlab mehnat qilayotgan oilalar koʻp.

– Qizim, oʻgʻlim va kelinim bilan birgalikda har kuni 700 kilodan oshirib paxta teryapmiz, – deydi Qarshi tumanilik Mavluda Joʻrayeva. – Bu har kuni oilamizga oʻrtacha 1 million 400 ming soʻm daromad kirayotganini anglatadi. Bugunga qadar 40 million soʻmdan oshiq pul ishladik. Mavsum soʻngiga qadar 70 million soʻmdan oshib qolsa kerak. Bu roʻzgʻorning ancha-muncha kam-koʻstini bitirib olishga yetadi.

Bu yil qashqadaryolik mirishkorlar 535 ming 500 tonnalik ulkan paxta xirmoni barpo etishni maqsad qilgan. Shu bois hosilni yogʻin-sochinli kunlarga qoldirmasdan tezroq yigʻib olish uchun harakat qilinmoqda. Endilikda voha sanoatining drayveriga aylanib borayotgan tekstil korxonalarining barqaror ishlashi, eksportbop mahsulotlar turi va salmogʻining oshishi, hududlarning iqtisodiy imkoniyatlari yuksalishi ayni paytda dalalarda pishib yetilgan shu qimmatbaho xom ashyoga bogʻliq.

Jahongir BOYMURODOV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер