Qorongʻida koʻrish imkonini beruvchi linzalar yaratildi

Xitoydagi Fan va texnologiyalar universiteti olimlari inson va hayvonlarga infraqizil yorugʻlikni koʻrish imkonini beradigan innovatsion kontakt linzalarni yaratishdi. Bu linzalar yorugʻlik manbasini koʻzga kiritmasdan, uni infraqizil toʻlqinlar orqali qabul qilib, inson koʻra oladigan yorugʻlikka aylantiradi. Ajablanarlisi, ushbu linzalarda batareya yoki hech qanday kuch manbai yoʻq, ular mutlaqo avtonom faoliyat koʻrsatadi.
Maʼlum qilinishicha, linzalar shaffof boʻlganligi uchun insonga oddiy yorugʻlik va infraqizil nurni bir vaqtning oʻzida koʻrish imkonini beradi. “Tadqiqotimiz insonlarga ortiqcha uskunalarsiz super-koʻrish imkonini beruvchi qurilmalar yoʻlini ochib berdi”, — deydi tadqiqot muallifi, Xitoy Fan va Texnologiya Universiteti neyrobiologi Tian Xuye.
Linzaning ishlash prinsipi oddiy: ular tarkibidagi maxsus nanozarrachalar inson koʻra olmaydigan infraqizil yorugʻlikni qabul qilib, uni 400–700 nanometr diapazonidagi koʻrinadigan yorugʻlikka aylantiradi. Odatda bu toʻlqin uzunligi inson koʻra oladigan chegaradan tashqarida — 800–1600 nanometr oraligʻida boʻladi.
Olimlar dastlab bu zarrachalarni sichqonlarning koʻzlariga yuborish orqali infraqizil nurni toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrish mumkinligini isbotlashgan edi. Yangi tadqiqotda esa nanozarrachalarni odatiy yumshoq kontakt linzalarda ishlatiladigan moslashuvchan, toksik boʻlmagan polimerlar bilan birlashtirishdi. Linzalar xavfsiz ekanligi tasdiqlangach, ularning funksiyasi sichqonlar va odamlar ustida sinovdan oʻtkazildi.
Kontakt linza taqqan sichqonlar infraqizil toʻlqinlarni koʻra olganini bildiradigan xatti-harakatlar qilishdi. Masalan, infraqizil nurlar bilan yoritilgan quti va qorongʻi quti oʻrtasida tanlov berilganda, kontakt linzali sichqonlar qorongʻi qutini tanladi, linzasiz sichqonlar esa farqlay olmadi. Shuningdek, kontaktli sichqonlarda infraqizil nurga duch kelganda qorachigʻi torayishi va miya tasvirida infraqizil nurlar vizual ishlov berish markazlarini faollashtirgani singari infraqizil nurni koʻra olishga oid fiziologik belgilar ham qayd etildi.
Insonlar ustida olib borilgan tajribada infraqizil kontakt linzalar yordamida ishtirokchilar miltillovchi morze kodiga oʻxshash signallarni aniqlab olishdi. Doktor Xuyening aytishicha, ishtirokchilar kontakt linzasiz hech narsani koʻra olishmagan, lekin linzani taqqach, infraqizil nurning miltillashini aniq koʻrolgan.
Hozircha kontakt linzalar faqat LED infraqizil nurlarni aniqlay oladi. Olimlar esa bu linzalarni yanada sezgirroq qilib, zaifroq infraqizil nurlarni ham aniqlash ustida ish olib bormoqda.
Anora Alimqulova,
OʻzJOKU.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring