Qoraqalpogʻistonda «Rally Muynak – 2023» chempionatiga start berildi

Joriy yilning 26-may kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanida “Rally Muynak – 2023” avtoralli boʻyicha Oʻzbekiston chempionatining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Vatanparvar” tashkiloti xabar berdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi bosh direktori Anvar Kurbaniyazov va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari Rasul Zarikeyev har yili anʼnaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan ushbu chempionat yanada zavqli va taassurotlarga boy oʻtishiga ishonch bildirib, musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.
“Rally Muynak – 2023” avtoralli boʻyicha Oʻzbekiston chempionatining tashkilotchilari Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi hisoblanadi. Chempionat 28-may kuni yakuniga yetadi.
Chempionatni tashkil etishdan asosiy maqsad mintaqada turizmni rivojlantirish va sayyohlar oqimini koʻpaytirish, sport va festivallar turizmini rivojlantirish, avtomotosport turlarini ommalashtirish, shuningdek, yosh avlodni texnik va amaliy sport turlariga jalb qilishdan iborat. Bundan tashqari, rallini tashkil etish orqali tumanda turizm sohasida faoliyat olib boruvchi korxonalarni va xizmat koʻrsatish sohasini qoʻllab-quvvatlash boʻlib hisoblanadi.
Mamlakatimizning turli burchaklaridan va xorijdan kelgan sportchilar ikki toifadagi avtomobillarda – dvigatel hajmi 1600 sm3gacha “A-8” va dvigatel hajmi 2000 sm3gacha “A-9” sinflari boʻyicha bellashadilar.
Shuningdek, dvigatel hajmi 2000 sm3gacha “Baggi” va dvigatel hajmi 125 sm3gacha va 500 sm3gacha mototsikllar boʻyicha musobaqalar ham tashkil etiladi.
“Rally Muynak – 2023” avtomotosport musobaqalarida 120 nafardan ortiq avtomotosport ustalari, shundan 40 tadan ortiq avtomobil, 25 tadan ziyod mototsikl va 15 tadan ortiq “Baggi”da ishtirok etadi.
Ikki kun davom etadigan ushbu nufuzli musobaqani nafaqat oʻzbekistonliklar, balki butun dunyo boʻylab ushbu sport turi ixlosmandlari katta qiziqish bilan kuzatmoqda.
“Rally Muynak – 2023” avtomobil sporti musobaqalari gʻoliblariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrinlari topshiriladi.
Shuningdek, gʻoliblar, murabbiylar va hakamlarga Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi rahbariyatining esdalik sovgʻalari ham topshiriladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Buxoroda Kushon davriga oid devor qoldiqlari topildi
- O‘zbekistonga Erondan issiq havo massalari kirib kelmoqda
- Kitoblar — tafakkur chashmasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring