Qoʻqonning olti marta “Tashabbusli byudjet” gʻolibi boʻlgan Mingtut mahallasida zamonaviy oilaviy poliklinika ish boshladi

09:42 10 Dekabr 2025 Jamiyat
177 0

Qoʻqon shahrida markazdan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan Mingtut mahallasi soʻnggi yillarda aholining uyushqoqligi va faolligi tufayli tom maʼnoda yangilanib bormoqda.

Mahallada amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar, ayniqsa, “Tashabbusli byudjet” loyihasida olti marotaba gʻolib chiqilgani natijasida sezilarli samara berdi. Ushbu gʻalabalar hisobidan barcha ichki yoʻllar toʻliq asfaltlandi, elektr taʼminoti barqarorligini oshirish maqsadida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Mahalladagi 6-oilaviy poliklinika binosi esa qariyb 70 yil avval qurilgan boʻlib, undagi sharoitlar talabga javob bermay qolayotgandi. “Tashabbusli byudjet” doirasida 2 milliard 860 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, tibbiyot muassasasi zamonaviy meʼyorlar asosida tubdan taʼmirlandi.

Yangilangan poliklinika tantanali ravishda foydalanishga topshirildi va endilikda hududdagi 4 ta mahallada istiqomat qiluvchi 17 mingdan ortiq aholiga xizmat koʻrsatadi. Inshoot zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, tashxis apparaturalari bilan toʻliq jihozlandi. Muassasada xizmat koʻrsatish jarayonlari elektron navbat tizimi asosida tashkil etilgani aholiga qulaylik yaratadi.

— Bugun mahallamizdagi sharoitlar markazdagi infratuzilmadan aslo kam emas, — deydi “Mingtut” MFY raisi Gʻayratjon Toshpoʻlatov. — Xalqimiz farovonligiga qaratilgan dasturlarda faol ishtirok etib kelmoqdamiz. Yaqin kelajakda ijtimoiy sohalar rivojiga oid qator tashabbuslar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Mahallada katta hurmatga ega maʼrifatli onaxon Muyassar Ahmedova ham oʻz fikrini bildirdi:

— Biz sogʻlom turmush tarzi tarafdorimiz, — deydi onaxon. — Mahallamizda qulayliklar koʻlami kengayib borayotgani, jinoyatchilik va ajrimlar soni kamayib, yoshlarning bilim va yutuqlari ortib borayotgani biz uchun katta quvonch.

Poliklinika faoliyati boshlangani munosabati bilan aholi hamjihatligida hashar uyushtirilib, inshoot hududida “Yashil makon” loyihasi doirasida mevali va manzarali koʻchatlar ekildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?