Qoʻqon holvasi bilan mashhur Toshkentliguzar

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Tarixiy manbalarga qaraganda, Qoʻqon shahridagi “Toshkentliguzar” mahalla fuqarolar yigʻini oʻz davrida Qoʻqon xonlarining hordiq maskanlaridan biri boʻlgan. Goʻzal tabiati, zilol suvlari, tadbirkor va uddaburon insonlari bilan tanilgan. Ushbu mahalla bugungi kunda ham Fargʻona viloyatining eng obod va farovon maskanlaridan biridir.
Yaqin yillarda “Obod qishloq” dasturi doirasida mahalla zamonaviy va koʻrkam qiyofaga ega boʻlib, kommunikatsiya tarmoqlari toʻliq yangilandi. Mahalla hududidagi maktab va bogʻcha, “Asqar Mahmud buvo” ziyoratgohi mukammal taʼmirdan chiqarildi. Shu bilan birga, 40 ga yaqin xizmat koʻrsatish va servis shoxobchalari tashkil etildi.
— Ayni paytda hududdagi 1182 ta oilada 4 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, — deydi “Toshkentliguzar” MFY raisi Akbarxoʻja Tursunov. — Qandolatchilik va dehqonchilik mahalla drayveri hisoblanadi. Yurtimizda mashhur Qoʻqon holvasi asosan mahallamizdagi oilalar tomonidan tayyorlanadi. “Mehrigiyo” ekoturizm maskani ham aynan, bizning mahallada joylashgan. Aholi tasarrufidagi 18,6 gektar tomorqa yerlaridan yilning toʻrt faslida ham daromad olinmoqda.
Bugungi kunda Qoʻqon holvasi nafaqat mamlakatimiz, balki qoʻshni respublikalar, hatto AQSHgacha eksport qilinmoqda. Qoʻli gul chevarlar tomonidan tikilayotgan keng turdagi mahsulotlar ham jahon bozorida xaridorgir. Quvonarlisi, mazkur mahalla viloyatda birinchilardan boʻlib ishsizlikdan xoli hudud sifatida eʼtirof etilgan.
— Hozirda mahallada 130 ga yaqin tadbirkorlik subyekti faoliyat koʻrsatadi, — deydi hokim yordamchisi Mansurxoʻja Komilov. — Keyingi uch yilda aholi daromadi va farovonligini yanada yaxshilash maqsadida 110 ta oilaga 3 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Bu yil 60 ta mikroloyihalar shakllantirilib, oʻtgan davrda 20 ta loyihaga 1,5 milliard soʻmdan koʻproq kredit ajratib berildi.
Ayni paytda “mahalla bankiri” tashabbusi boʻyicha ATB “Oʻzsanoatqurilishbank” tomonidan biriktirilgan vakil bilan hamkorlikda yangi-yangi istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish choralari koʻrilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad mahalladagi har bir oilaning oʻz biznesi gullab-yashnashiga koʻmaklashishga qaratilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring