«Qoʻqon» aeroporti ilk yoʻlovchi samolyotni qabul qildi

11:43 02 Aprel 2024 Jamiyat
156 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Botir Madiyorov/«Xalq soʻzi». «Silk Avia» aviakompaniyasining yoʻlovchi tashishga moʻljallangan samolyoti Toshkent shahridan «Qoʻqon» aeroportiga ilk parvozni amalga oshirdi.

Yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolarini Qoʻqon shahar hokimi Marufjon Usmonov boshchiligidagi faollar hamda «Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari kutib oldi. Oʻz navbatida, “Qoʻqon” aeroportidan bugun dastlabki yoʻlovchilar Toshkent shahriga joʻnab ketdi.

— Yigirma yillik tanaffusdan soʻng «Qoʻqon» aeroporti ishga tushirilgani nafaqat shahar ahli, balki atrof tumanlarda yashovchi hamyurtlarimiz uchun ham juda quvonarli voqea boʻldi, — deydi ilk reysda uchish baxtiga musharraf boʻlgan Arofatxon Ubaydullayeva. — Bu, ayniqsa, Latif shaharda turizm va tadbirkorlikni rivojlantirish, poytaxtda tahsil olayotgan talabalar uchun ayni muddaodir.

«Qoʻqonyoʻltaʼmir» MCHJ bosh muhandisi Rahimjon Qoʻziboyevning qayd etishicha, ayni paytda aeroport infratuzilmasini yanada yaxshilash ishlari jadal davom etmoqda. Shu maqsadda aeroportga olib keluvchi 800 metr uzunlikdagi yoʻl barpo etilib, yoʻl chetiga beton bordyur va ariqlar, 25 ta yoritish chiroqlari oʻrnatilmoqda. Yoʻl atrofidagi gulzorlarni sugʻorish uchun yangi barpo etilgan suv havzasidan irrigatsiya tarmogʻi tortib kelinayotir. Tez orada avtomobillar toʻxtash joyi qurilishi ham nihoyasiga yetkaziladi. Yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida aeroportga avtobus qatnovi ham yoʻlga qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер