Qonun ustuvorligi va inson huquqlarini taʼminlashning dolzarb masalalari

17:25 07 Fevral 2024 Jamiyat
73 0

Adliya vazirligida “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) va Finlyandiyaning Markaziy Osiyodagi elchisi ishtirokida Loyiha Kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilish loyihaning 2023-yildagi asosiy natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni muhokama qilish va tasdiqlash, loyiha tomonidan tashkillashtirilgan Kichik Grantlar Dasturi natijalarini tasdiqlash va 2024-yil uchun ish rejani muhokama qilish va tasdiqlash maqsadida oʻtkazildi.

Tadbirni Adliya vaziri oʻrinbosari, Loyihaning milliy koordinatori Muzraf Ikramov ochib berib, 2023-yil davomida “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida koʻplab ishlar amalga oshirilganligi va ushbu ishlar bepul yuridik yordam koʻrsatish tizimining samarali yoʻlga qoʻyilishida, ushbu sohada faoliyat olib boradigan NNTlar faoliyatiga koʻmaklashish orqali aholiga bepul yuridik yordam koʻrsatish mexanizmini ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega ekanligi haqida gapirdi.

Tadbirda BMT TD Oʻzbekistondagi Doimiy vakilining oʻrinbosari Anas Karman, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova, Finlyandiyaning Markaziy Osiyodagi elchisi (Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston) Ilkka Rayzanen kirish soʻzlari bilan ishtirok etib, BMT TD va Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlar Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi hamda inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlashda ijobiy natija berayotganligi, kelgusida ushbu hamkorlikni davom ettirishdan mamnun ekanliklarini bildirdilar.

Tadbirda loyiha rahbari Azamat Salayev soʻzga chiqib, loyiha doirasida 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi, Kichik Grantlar Dasturi natijalari muhokama qilinib, dasturda gʻolib boʻlgan NNTlar roʻyxati eʼlon qilindi va loyihaning 2024-yil uchun rejalari muhokama qilindi.

Loyihaning Adliya vazirligi bilan birgalikda 2023-yilda amalga oshirgan natijalariga koʻra:

— bepul yuridik yordam koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari uchun Kichik grantlar dasturi oʻtkazildi;

— bepul yuridik yordam koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi NNT va yuridik klinikalarning 2023-yildagi faoliyatini baholash boʻyicha tanlov tashkil etildi;

— “Oʻzbekistonda bepul yuridik yordam tizimini yanada rivojlantirish konsepsiyasi” ishlab chiqildi;

— bepul yuridik yordam sohasida talabalar, advokatlar va NNT xodimlariga seminar, trening va davra suhbatlari oʻtkazildi.

— sohani rivojlantirish maqsadida xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganildi, oʻrganish natijasi yuzasidan qonunchilik hujjatlariga takliflar ishlab chiqildi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqildi;

— birlamchi bepul yuridik yordam koʻrsatadigan NNTlarga nafaqat amaliy chora-tadbirlarda balki moddiy jihatdan ham qoʻllab-quvvatlash ishlari amalga oshirilib, bir nechta NNTlar zarur axborot-kommunikatsiya texnologiya jihozlari bilan taʼminlandi.

Tadbir davomida loyihani 2024-yilda amalga oshirilishi kutilayotgan rejalari muhokama qilinib, 2024-yilda chekka hududlarda yashovchi aholi, yoshlar, ayollar va nogironligi boʻlgan shaxslarning bepul yuridik yordam bilan taʼminlanish darajasini yanada oshirish orqali Oʻzbekistonda Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash darajasini oshirish maqsad qilindi.

Diyora SAIDOVA,

OʻzDJTU Xalqaro jurnalistika fakultetining 2-bosqich talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?