Qonun bilan banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari mustahkamlanmoqda
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Muhokama jarayonida qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, bank sohasida biznesni yuritish uchun raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, xalqaro standartlarga mos keladigan huquqiy asoslarni yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, bank omonatlarini kafolatlash tizimini takomillashtirish respublika bank-moliya sohasining uzoq muddatli barqarorligini ta’minlashga, uni ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Mazkur Qonunda kafolatlash hodisasi va ob’yekti, kafolatlangan omonat, kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lash kabi tushunchalar ochib berilgan.
Qonun bilan banklardagi omonatlarning himoya qilinishini kafolatlash sohasidagi vakolatli organ – Omonatlarni kafolatlash agentligining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari va uning faoliyat ko‘rsatish tartibi belgilanmoqda.
Shuningdek, kafolatlash hodisasi ro‘y berganda Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan bir omonatchiga har bir bankda kafolatlash ob’yektining qoldig‘i 200 mln so‘m miqdorida yoki undan kam bo‘lsa to‘liq hajmda kompensatsiya to‘lanishi belgilab qo‘yilmoqda.

Bank tugatilganda omonatchilarga Agentlik tomonidan kompensatsiya to‘lovini amalga oshirish davri bosqichma-bosqich 7 ish kunigacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda. Jumladan, bank tugatilganda kompensatsiya to‘lovi 2025 yil 1 yanvardan boshlab 20 ish kuni, 2026 yil 1 yanvardan 15 ish kuni, 2027 yil 1 yanvardan 7 ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
Bank bankrotlikka uchragan taqdirda, omonatchilar mablag‘larining Agentlik tomonidan qoplab berilishini inobatga olib, omonatchining bankdan talab qilish huquqi Agentlikka o‘tkazilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi bank tizimi barqarorligini mustahkamlash yo‘li bilan aholi va tadbirkorlarning mablag‘lari but saqlanishi hamda kafolatlash hodisasi ro‘y berganda omonatchilarga mablag‘lar qisqa muddatlarda to‘lab berilishi ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng mazkur Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.









Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring