Qoʻngʻirot vokzali yangi qiyofada foydalanishga topshirildi

13:41 26 Dekabr 2024 Jamiyat
143 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Qoraqalpogʻistonning Qoʻngʻirot tumanida yangidan bunyod etilgan temir yoʻl vokzali foydalanishga topshirildi. Qoʻngʻirotliklar uchun yangidan bunyod etilgan temir yoʻl vokzali yangi yil arafasida bayram tuhfasi boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Tantanali tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, yangi binoning ochilish marosimi bilan yigʻilganlarni tabrikladi. Qoʻngʻirot temir yoʻl vokzalining yangi binosida 17,5 milliard soʻmlik rekonstruksiya ishlari olib borildi. Barcha qulay sharoitlar yaratildi.

— Qoʻngʻirot temir yoʻl vokzali oʻtgan asrning oʻrtalarida yaʼni, 1955-yilda qurilgan boʻlib, bir vaqtning oʻzida 50 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega edi, — deydi “Oʻzbekiston temir yoʻllari“AJ bosh muhandisi Sh.Qodirov. — Umumiy maydoni 460 metr kvadratni tashkil etadigan ushbu vokzalda yoʻlovchilarga sifatli servis xizmat koʻrsatish imkoniyati mavjud emasdi. Eski vokzal oʻrniga qurilgan mazkur zamonaviy majmuaning umumiy foydalanishdagi maydoni 820 metr kvadratni tashkil etib, 22 ta xonani oʻz ichiga oladi.

Vokzal binosining birinchi qavatida temiryoʻlchilar hamda ichki ishlar xodimlari xizmat xonalari, kutish zali, deputatlar xonasi, ona va bola xonasi, sanitariya nazorati, tez tibbiy yordam koʻrsatish va ogʻir bemorlar vaqtinchalik dam olish xonalari, bufet, savdo shoxobchasi, ayollar, erkaklar va nogironlarga moʻljallangan maxsus hojatxonalar joylashgan. Vokzalning ikkinchi qavatida barcha qulayliklarga ega zamonaviy anjom-uskunalar bilan jihozlangan mehmonxona va ovqatlanish xonasi mavjud. Mehmonxona jami 7 ta xonadan iborat boʻlib, 17 nafar kishiga xizmat koʻrsatadi. Yangi vokzalda bir vaqtning oʻzida jami 150 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi. Bu oldingiga qaraganda uch barobar koʻp.

Tadbirda Oʻzbekiston temir yoʻlchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi K.Sabirov, Qoʻngʻirot tumani mehnat faollari hamda faxriylar soʻzga chiqib, Prezidentimiz boshchiligida xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladigan mana shunday savobli ishlar bardavom boʻlishini mamnuniyat bilan eʼtirof qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?