Qon quyuqlashishi qanchalik xavfli?

12:28 28 Yanvar 2023 Jamiyat
1354 0

Koʻpchilik insonlar hayotida bir marta boʻlsa ham qon tahlili topshirgan yoki vena orqali inyeksiya qabul qilgan. Shu paytda baʼzi bemorlar oʻzining qoni toʻq rangga kirib, quyuqlashganiga guvoh boʻladi.

Mutaxassislarning fikricha, bu holatga eʼtiborsiz boʻlish kerak emas. Aksincha, qon tahlillari orqali uning quyuqlashib ketgani aniq boʻlgach, vaqtida davolanish zarur. Aks holda, organizmda turli kasalliklar kelib chiqishi mumkin.

— Qon – inson tana aʼzo va toʻqimalarini kislorod hamda zarur ozuqa moddalari bilan taʼminlovchi muhim suyuqlik, — deydi oliy toifali shifokor Nazokat Oripova. — U infeksiyalarga qarshi kurashib, ichki aʼzolar faoliyatida ishtirok etadi. Qon quyuqlashishi organizmdagi ana shu jarayonlarning buzilishiga olib keladi. Oqibatda yashirin kasalliklar yuzaga kelishi yoki yangilari paydo boʻlishi mumkin.

Qon quyuqlashishiga koʻpincha sovqotish, qattiq asabiylashish, qandli diabet, shuningdek shirinliklar, kartoshka, banan, tuxum, gazli ichimliklar, fast-fud va turli qovurma taomlar sabab boʻladi. Qolaversa, bu holat kam suyuqlik ichish, havo haroratining koʻtarilishi yoki keskin pasayishi va organizmdagi ayrim oʻzgarishlar tufayli ham yuzaga keladi.

Natijada insonda bosh ogʻrigʻi, jizzakilik, tushkunlik, xotira pasayishi, holsizlik, uyquchanlik, qoʻl va oyoqlar sovqotishi, ogʻiz qurishi kuzatiladi.

Yurak tez urishi, nafas qisishi, tananing turli qismlarida koʻkarishlar paydo boʻlishi va tirnoq shakli oʻzgarishi mumkin. Hatto miyaga qon yaxshi yetib bormasa, bosh aylanishi, hushdan ketish ehtimoli ham mavjud. Bu salbiy holatlar esa tomirlarda qon aylanishining buzilishi va trombozlar hosil boʻlganidan darak beradi. Oqibatda insult va infarkt xavfi ortadi.

Qon holatini tekshirish uchun shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiq. Agar tibbiy teyeshiruvlardan soʻng uning quyuqligi meʼyordan ortiq ekani maʼlum boʻlsa, zarur muolajalar tayinlanadi.

Biroq qonni suyultiruvchi dori vositalarini oʻzboshimchalik bilan qabul qilish mumkin emas. Sababi uning haddan ortiq suyuqlashishi jarohatlarda qonning toʻxtamay qolishiga olib keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?