Qoʻmita majlisida Surxondaryo viloyatida yoshlar bandligini taʼminlash holati tahlil etildi

11:12 27 Dekabr 2025 Siyosat
225 0

Joriy yilning 25-dekabr kuni Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisida senatorlar, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi va boshqa tashkilotlar vakillari, ekspertlar, mahalliy Kengashlar deputatlari hamda Yoshlar parlamenti aʼzolari tomonidan Surxondaryo viloyatida yoshlar, shu jumladan, taʼlim muassasalari bitiruvchilarining bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, joriy yil boshida viloyatdagi 723 ta mahallada oʻtkazilgan xatlovda 7,8 ming ishsiz yoshlar aniqlangan. Ularning bandligini taʼminlash maqsadida viloyat, shahar va tumanlardan 357 nafar rahbar xodim biriktirilgan hamda yoshlar bandlik dasturlari ishlab chiqilgan.

Biriktirilgan rahbar xodimlar tomonidan 7,8 ming nafar ishsiz yoshlardan 7 786 nafarining turli yoʻnalishlarda bandligi taʼminlangan.

2024/2025-oʻquv yilida viloyat boʻyicha oliy taʼlim muassasalarini bitirgan 17 305 nafar talabadan 16 183 nafarining, kasbiy taʼlim tashkilotlarini (texnikum, kollej) bitirgan 9 312 nafar talabadan 5 799 nafarining bandligi taʼminlangan.

Viloyatda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun zaxira qilib qoʻyilgan 1 995 ta ish oʻrnidan 872 tasiga yoshlar ishga joylashtirildi.

“Oʻzmilliybank” AJ tomonidan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida 372 nafar oliy taʼlim muassasalari bitiruvchisiga 9,9 mlrd soʻm, “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 729 nafar tadbirkorlik subyektiga 82,5 mlrd soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan.

Muhokama jarayonida yoshlar bandligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, faoliyatni yanada takomillashtirish va samaradorlikni oshirishga xizmat qiluvchi masalalarga ham eʼtibor qaratildi.

Xususan, hisobga olish va bandlik koʻrsatkichlarini aniq yuritishda bir qator kamchiliklar mavjud. Misol uchun, oliy taʼlim muassasalarining 31 nafar bitiruvchisi bir vaqtning oʻzida yakka tartibdagi tadbirkorlar, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar roʻyxatida, shuningdek, Yagona milliy mehnat tizimi (“YMMT” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi) bazasida qayd etilgan.

2024/2025-oʻquv yilida viloyatda 52 ta kasbiy taʼlim tashkilotini (texnikum, kollej) 9 312 nafar talaba bitirgan boʻlib, ularning 38 foizi ish bilan taʼminlanmagan.

Mehnat migratsiyasidan qaytgan 36 417 nafar yoshlardan 21 270 nafarining (58 foizining) bandligi taʼminlanmagan.

Viloyat boʻyicha oʻtkazilgan mehnat yarmarkalarida 53 376 ta boʻsh ish oʻrni taklif etilgan boʻlsada, ushbu yarmarkalarda ishtirok etgan 5 382 nafar ishsiz yoshlarning 1 537 nafarigina (28,5 foizi) ishga joylashtirilgan, 3 401 nafariga esa faqat maslahat berilgan.

Kasbiy koʻnikmalar markazida oʻqishni tamomlagan 1248 kishining bandlik holati soliq organlari orqali tahlil qilinganda ulardan 56 foizining bandligi taʼminlanmaganligi aniqlangan.

Savdo-sanoat palatasining viloyat boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitilgan 724 kishining bandligi taʼminlanganligi boʻyicha monitoring ishlari olib borilmagan.

Bundan tashqari, ayrim hududlardagi yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida zarur muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasi yetarli darajada yaratilmagan.

Xususan, Qiziriq tumanidagi “Zarbdor” hamda Qumqoʻrgʻon tumanidagi “Bogʻaro” yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari elektr energiyasi va ichimlik suvi tarmoqlariga ulanmagan. Shuningdek, Angor tumanidagi “Bahor” yoshlar sanoat zonasida tabiiy gaz taʼminoti mavjud emas.

Hududda joylashgan 11 ta tuman va shahar hududidagi 12 ta yoshlar sanoat zonasida yoʻl infratuzilmasini yaxshilash ishlari hanuzgacha toʻliq yakunlanmagan.

Senatorlar tomonidan yoshlar sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha viloyat hokimligi bilan oʻzaro hamkorlikda ish olib borilishi taʼkidlandi.

Majlis yakunida tegishi qaror qabul qilindi. Unga asosan oʻrganish davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar zimmasiga vazifalar yuklatildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?