Qoʻmita majlisida sunʼiy intellektni qoʻllash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonun muhokama qilindi
Joriy yil 10-sentyabr kuni Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda senatorlar, vazirlik va idoralar masʼullari, ekspertlar, Yoshlar parlamenti vakillari hamda xalq deputatlari Kengashlarining tegishli doimiy komissiyalari aʼzolari ishtirok etdi.
Majlisda “Sunʼiy intellektni qoʻllash orqali yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda axborot texnologiyalarining yangi shakllari tobora rivojlanib bormoqda. Sunʼiy intellekt texnologiyalari barcha sohalarning samarali faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Dunyo davlatlari ushbu yoʻnalishga investitsiyalarni keng jalb qilishmoqda. Xususan, 2023-yilda 154 mlrd dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatkich 2 barobarga oshdi, 2030-yilga borib esa 10 barobarga oshishi prognoz qilinmoqda.
Sunʼiy intellekt bugungi kunda insoniyatga keng imkoniyat taqdim etish bilan birgalikda, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga, xususan inson huquqlariga va shaxsga doir maʼlumotlar daxlsizligiga tahdidlarni yuzaga keltira boshladi.
2023-yilda Internetda sunʼiy intellekt yordamida ishlov berilgan 1129 ta noqonuniy material tarqatilganligi aniqlangan.
Bunda aholining ishonchiga kirish maqsadida mansabdor shaxslar, yirik tadbirkorlar va boshqa taniqli shaxslarning qiyofalari hamda ovozlaridan foydalanilgan. Bu boradagi jinoiy va maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻluvchi faoliyatlar tobora ortgan.
Bularning barchasi, oʻz navbatida, sunʼiy intellekt texnologiyalari sohasidagi munosabatlarni dastlabki qadam sifatida huquqiy tartibga solish ahamiyatini oshirmoqda.
Shu munosabat bilan amaldagi bir qator qonunlarga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, qonunchilikda “sunʼiy intellekt” tushunchasiga taʼrif berilmoqda, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari hamda maxsus vakolatli organning vazifalari, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sunʼiy intellektdan foydalanishning umumiy qoidalari belgilanmoqda.
Shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda yaratilgan axborot resurslariga markirovka qoʻyish tartibi, ular yordamida qonunga xilof ravishda shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish va ularni OAV yoki Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatishga yoʻl qoʻymaslik majburiyati belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda
sunʼiy intellekt vositasida shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik choralari belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Majlis soʻnggida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring