Qoʻmita majlisida navbatdagi yalpi majlisga kiritilishi nazarda tutilgan ayrim masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi

14:44 20 Avgust 2025 Siyosat
62 0

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida navbatdagi yalpi majlisga kiritilishi nazarda tutilgan ayrim masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga transport xizmati koʻrsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda transport sohasini rivojlantirishga, tashishlarning xavfsizligini yuqori darajada taʼminlashga, ushbu sohadagi boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, transportda tashishlarga nisbatan qoʻyiladigan talablar va shartlarga amal qilinishi borasida tashuvchilarning masʼuliyatini oshirish, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda korrupsiyaga barham berish, transport sohasidagi nazoratning samaradorligini yana-da oshirish uchun maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni qayta koʻrib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.

Shuningdek, transport sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Transport vazirligi huzurida Transport nazorati inspeksiyasi tashkil etilganligi munosabati bilan transport sohasidagi qonunchilikka tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish zarurati ham mavjud.

Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga temir yoʻl transportida va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini hamda yoʻlovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarini buzganlik uchun jarima solishga sabab boʻlishini belgilovchi qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Qonun bilan “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi hamda “Transport toʻgʻrisida”gi qonunlarga ham tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Qoʻmita majlisida Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahri, Kattaqoʻrgʻon va Nurobod tumanlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala ham muhokama qilindi.

Ushbu masala aholiga munosib yashash sharoitini yaratish, buning uchun muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini, shuningdek, ijtimoiy soha (maktab, bogʻcha, kasalxona) obyektlarini barpo etish, yangi ish oʻrinlarini yaratishda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.

Senatorlar tomonidan taʼkidlanganidek, Kattaqoʻrgʻon shahri Samarqand viloyatining geografik nuqtai nazardan shimoliy-gʻarbida joylashgan boʻlib, bugungi kunda shahar aholisi soni qariyb 95 ming kishini, umumiy yer maydoni 4,4 ming gektarni tashkil etadi.

Shahar aholisining oʻsish surʼati oxirgi 5 yilda har yili oʻrtacha 1,1 ming kishini tashkil etmoqda. Bundan tashqari, Kattaqoʻrgʻon shahrida doimiy roʻyxatdan oʻtmagan 4 mingga yaqin aholi va talabalar istiqomat qilmoqda. Aholi zichligi 1 kvadrat kilometr maydonga 9,5 kishiga toʻgʻri kelib, Samarqand viloyati boʻyicha aholisi eng zich joylashgan hudud hisoblanadi.

Shu bois Senat qarori loyihasida tegishli chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda.

Jumladan, Kattaqoʻrgʻon shahar hududini kengaytirish maqsadida unga chegaradosh boʻlgan Kattaqoʻrgʻon tumanidan 1,9 ming gektar va Nurobod tumanidan

971 gektar, jami 2,9 ming gektar yer maydonini shahar tarkibiga oʻtkazish, shuningdek, Nurobod tumanining Kattaqoʻrgʻon tumani bilan chegaradosh boʻlgan hududlaridan 600 gektar yer maydonini Kattaqoʻrgʻon tumaniga oʻtkazish nazarda tutilmoqda.

Senatning ushbu qarori nafaqat Kattaqoʻrgʻon shahrining, balki Samarqand viloyatining ham iqtisodiy oʻsishini yuqori darajaga koʻtarib, aholi jon boshiga daromad miqdorini tez oʻsishini taʼminlashga, shuningdek ushbu hududlarda istiqomat qilayotgan aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.

Majlis yakunida Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер