Qoʻmita majlisida koʻp kvartirali uylarni boshqarishga oid qonunga takliflar muhokama qilindi

11:09 27 Dekabr 2025 Siyosat
221 0

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi majlisida koʻp kvartirali uylarni boshqarishga oid qonunga takliflar muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Qoʻmita aʼzolari, Senat devoni hamda tegishli vazirlik va idoralar masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan sohaga oid amaldagi qonunchilik hujjatlari har tomonlama tahlil qilinib, xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasi atroflicha oʻrganib chiqilgan.

Raqamlashtirish hamda zamon talablariga mos ravishda koʻp kvartirali uylarni boshqarish amaliyoti yuzasidan olib borilgan tahlillar, shuningdek, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganish boshqaruv organlari faoliyati amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan toʻliq va aniq tartibga solinmaganligini koʻrsatdi.

Oʻrganish yakunlari boʻyicha ishchi guruh tomonidan sohani tartibga solishdagi mavjud huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish hamda amalga oshiriladigan xizmatlar sifatini yaxshilashga oid bir qator takliflar shakllantirilgan.

Shundan kelib chiqib, koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish sohasidagi mavjud muammolarni bartaraf etish, boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish hamda soha faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish maqsadida “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonun yangi tahrirda ishlab chiqildi.

Jumladan, qonun loyihasida 2019-yil 7-noyabrda qabul qilingan “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi OʻRQ–581-sonli Qonun yangi tahrirda qabul qilinishi nazarda tutilmoqda.

Loyihaga koʻra sohaning huquqiy bazasini mustahkamlash maqsadida 8 ta yangi modda qoʻshilib, amaldagi 20 ta moddaga tahririy tuzatishlar kiritish nazarda tutilgan.

Senatorlar mazkur qonunchilik takliflarining kelgusida amaliyotga tatbiq etilishi koʻp kvartirali uylarni boshqarishda shaffoflik va samaradorlikning taʼminlanishiga, boshqaruv organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, raqamlashtirish hamda mulkdorlarning faol ishtirokini taʼminlash orqali uy-joy fondini yaxshilashga xizmat qilishi haqida fikr bildirdilar.

Muhokama yakunida qonunchilik taklifi sifatida Qonunchilik palatasiga kiritish boʻyicha Senat Kengashiga taklif berish yuzasidan kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?